Prezident Shavkat Mirziyoyev 1995—1996 yillarda qabul qilingan amaldagi O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining yangi tahririni tayyorlashga farmoyish berdi.

O‘zbekiston Respublikasi rivojlanishining yangi bosqichi iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi, deyiladi 5 aprelda qabul qilingan hujjatda.

Quyidagilar fuqarolik qonunchiligini yanada takomillashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • fuqarolik qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning eng namunali xorijiy amaliyotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohada ilg‘or xalqaro standartlarni implentatsiya qilish;
  • xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlarini ta’minlaydigan, jismoniy va yuridik shaxslarning, ayniqsa tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni belgilash;
  • ommaviy va fuqarolik huquq normalarini aniq chegaralash, iqtisodiyotni boshqarishda ma’muriy-buyruqbozlik tamoyillariga asoslangan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va eskirib qolgan qoidalarni chiqarib tashlash;
  • davlat-xususiy sherikchiligi, klasterlik ishlab chiqarishi, elektron tijorat, kripto-valyuta aylanmasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish, ulushli qurilish va boshqa zamonaviy fuqarolik-huquqiy institutlar va iqtisodiy munosabatlar shakllarini huquqiy tartibga solishni ta’minlash.

Hujjat bilan Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyaga muvofiq, yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi turlicha talqinlarga yo‘l qo‘yuvchi normalarni olib tashlash yoki yaxshilash, havolalarni qisqartirish, jamiyatning odob-axloq me’yorlarini hisobga olgan holda fuqarolik huquqiy munosabatlarning yangi tartiblarini joriy etish, majburiy huquq, shartnomalar institutlarini takomillashtirish va boshqalarni ko‘zda tutadi.

Fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish uchun adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi idoralararo komissiya tashkil etildi. Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi 2020 yil 1 aprelga qadar ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.