O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh Konrad Adenauyer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rgandi.

«Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmatining xabar qilishicha, ishchi guruh dastlab Qo‘qon shahridagi qizlar uchun Yengil sanoat kasb-hunar kolleji va Xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuv markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif chog‘ida ishchi guruh Qo‘qon shahridagi xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuv markazi faoliyati bilan tanishdi. O‘tgan davr mobaynida og‘ir ijtimoiy sharoitda, jumladan, oilaviy muammolar va oiladagi zo‘ravonlikka uchragan 46 nafar ayol anonim psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatildi. Bu yerda bolalar bilan ikki kun davomida qolish mumkin. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkor ko‘magida tikuv sexi ochilib, zarurat bo‘lganda, ayollar vaqtincha ish bilan ta’minlanib, qo‘shimcha daromad olishlari mumkin. Respublika miqyosda bu kabi 160 ta shelterlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ikkinchi manzil qizlar uchun Qo‘qon yengil sanoat kasb-hunar kolleji bo‘ldi. Muassasa respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 200 nafardan ziyod qizlar ta’lim oladigan yopiq muassasa hisoblanadi. Ular bu yerda sud qarori bilan yuboriladi. Ular orasida uyini tashlab ketgan, muntazam maktab darslarini o‘tkazib yuboruvchi, jinoyatlar sodir etgan, shuningdek zo‘ravonlik qurboniga aylangan qizlar bor.

Bugungi kunda qizlarning ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuvi borasida juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yil o‘quvchilarning bir qismi kitobsevarlar tanlovining shahar bosqichida ishtirok etdi. Mutolaaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsadida ombudsman tomonidan kollej kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilindi. Uchrashuv yakunida qizlarning ijodiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘z ijod namunalari — she’r va hikoyalar to‘plamini nashr etishga yordam berishga qaror qilindi.

Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri hududdagi biznes vakillari bilan muloqot va mavjud investitsion salohiyatni o‘rganish bo‘ldi. Jumladan, ishchi guruh Quvasoy kichik industrial zonasida tashkil etilgan «Running business trans invest» o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qariyb 800 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan. Ishlab chiqarishning bir qismi Rossiya, Ukraina va Belorussiyaga eksport qilinadi, qolgan qismi ichki bozorning ehtiyojlarini qondiradi. Ta’kidlash joizki, «Quvasoy» KICHZ sakkizta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan, biroq bugungi kunga qadar faqatgina bitta korxona ­ «Running business trans invest» faoliyat yuritmoqda.

Farg‘ona shahrida davlat idoralari, ishbilarmon doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbir doirasida «Yuksalish» umummilliy harakati maqsad va vazifalari taqdimoti o‘tkazilib, hududiy bo‘linma rahbari keng jamoatchilikka tanishtirildi. U viloyat hokimining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi. Tadbir davomida harakatning viloyat bo‘linmasi rahbariga xizmat avtomashinasi va uyining kalitlari topshirildi.

Uchrashuv davomida hududiy NNTlar «Yuksalish» umummilliy harakati bilan aholi muammolarini aniqlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdi. NNT faollari tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, fuqarolar uchun ayrim turdagi dori vositalarining yetishmasligi kabi dolzarb masalalarni muhokama qildi. Xususan, tashkil etilgan ijtimoiy dorixonalarda hanuzgacha muammolar mavjudligi, narxlar boshqa dorixonalarga nisbatan arzon emasligi qayd etildi. Ushbu masala nazorat ostiga olindi.