OAVda shayxontohur tuman Davlat soliq inspeksiyasi shaxsiy tarkibining ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deya ma’lum qildi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

"Ayni vaqtda faqat Shayxontohur tuman DSI rahbari (Faxriddin Abdunabiyev — tahr.) egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, inspeksiyaning boshqa xodimlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risida buyruq bo‘lmagan", — deya qayd etdi DSQ.

4 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent tumanlari DSI rahbarlari tarkibini yangilash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi.

5 aperl kuni DSQda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Seregli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tuman soliq inspeksiyalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi.

Bundan tashqari, prezident tanqididan so‘ng DSQ tezkor tartibda soliq organlari kadrlar tarkibini qayta ko‘rib chiqishni boshladi. Maxsus komissiya tizimga «yangi qon» olib kirish bilan shug‘ullanadi.

Jumladan, ayni vaqtda komissiya Shayxontohur DSI xodimlarini belgilangan talablarga muvofiq o‘rganmoqda. Olib borilgan ishlar natijalari to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumotlar e’lon qilinadi, deya ma’lum qildi DSQ.