O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimida ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. 10 aprelgacha davom etadigan forumda 74 davlatdan 160 nafardan ortiq vakil ishtirok etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev festivalga tashrif buyurgan YUNESKOning Osiyo va Tinch okeani boshqarmasi boshlig‘i Andrey Shevelevga, Islom hamkorlik tashkilotining tuzilmasi — AYSESKOning Madaniyat bo‘yicha direktori Rxiati Salihga, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi rahbari Gada Rida Xijjaviga, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston rasmiy vakillariga chuqur tashakkur izhor etdi.

«Insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folklor san’atida mujassam topgani hammamizga yaxshi ma’lum. Turli xalqlarning milliy o‘zligini, ularning tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakat rahbari hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan «ommaviy madaniyat», shou-biznesning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog‘i bo‘lgan folklor san’atiga e’tibor va qiziqish susayib borayotganini ta’kidladi. «Holbuki, folklor san’ati, ta’bir joiz bo‘lsa, bu — insoniyatning bolalik qo‘shig‘idir».

«Mana shunday noyob va buyuk san’at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko‘p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo‘lib turgani — bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu go‘zal va betakror san’atning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan ko‘ra ko‘proq tashvishga solayotganiga ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident xalq ijodiyotini, turli o‘lkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, o‘z timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. «Bugun o‘z ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman», — dedi u.

Baxshichilik san’atini milliy madaniyatning o‘ziga xos «tashrif qog‘ozi"ga aylantirish uchun Shavkat Mirziyoyev quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:

  • baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, «ustoz — shogird» an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish;
  • madaniyat va san’at muassasalari qoshida baxshichilik to‘garaklari tashkil etish;
  • baxshi-shoirlar ijodiga keng yo‘l ochib berish, to‘y-tomoshalar, turli bayram va madaniy tadbirlarda ularning doimiy ishtirokini ta’minlash;
  • shu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, baxshichilik san’atini keng targ‘ib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini ko‘paytirish.

«Agar biz bu noyob san’atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo‘ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi», — dedi prezident.