Rio olimpiadasi chempioni, o‘zbekistonlik Shahobiddin Zoirov kecha professional boksda debyut jangini o‘tkazdi. Buyuk Britaniyaning «MTK» promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan Shahobiddin dastlabki jangini indoneziyalik Entoni Xoltga qarshi olib bordi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

6 raundga mo‘ljallangan jang 1-raunddayoq tugadi. 1-raundning 19-soniyasi o‘tib borayotgan payt Zoirov yo‘llagan kuchli zarbani indoneziyalik bokschi o‘tkazib yubordi va nokautga uchradi.

Shu tariqa Shahobiddin Zoirov professional boksdagi ilk jangida dastlabki daqiqadayoq nokaut evaziga g‘alaba qozondi.