Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ma’murchiligini to‘liq avtomatlashtirish va tadbirkorlik sub’ektlariga qulay raqobat sharoitini yaratish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish maqsadida Jahon bankining ekspertlar guruhi bilan birgalikda ish olib borilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda I yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida QQSni hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari ishlab chiqilmaganligi tanqid qilingan edi.

Shu maqsada bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligiga va soliq hisobotlarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Hisobot shakllarining 9 ta ilovasi 5 taga kamaytirilgan bo‘lsa, hisobvaraq-fakturalarning elektron ko‘rinishi sinov tariqasida Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qo‘llanilmoqda.

Natijada joriy yil I choragi yakunlariga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 5 barobarga ko‘payib, 35 mingtaga yetdi. Ushbu soliq orqali tushgan mablag‘lar 5,2 trln so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshdi.

Shu bilan birga, joriy yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan 26 mingta yangi soliq to‘lovchilarning 7,4 mingtasi hisobotlarini nol va 5,5 mingtasi manfiy summada taqdim etgan.