O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga prezidentning «Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qaror loyihaga ko‘ra, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatlari faoliyatini tugatgan holda ularning negizida Xalq ta’limi vazirligi huzurida respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etiladi.

Tashkil etilayotgan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:

ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan voyaga yetmaganlar;

aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan voyaga yetmaganlar;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;

yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligi, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarining xulosasi asosida vasiy va homiy tayinlangan, joylashtirishning boshqa shakllari qo‘llanilgan, biroq huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi;

Qolaversa, jinoyat sodir etmagan, qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimi qarori asosida tegishli vazirlik va idoralar tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan umumta’lim yoki o‘rta maxsus muassasalariga joylashtiriladi.

Shuningdek, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 100 foizi miqdorida to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasida 2019 yil 1 maydan alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmaganlarni Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari yoki Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirishning yangi tartibi joriy etilishi ham belgilangan.

Tasarrufida ixtisoslashtirilgan muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasi bo‘yicha qabul qilingan hokim qaroriga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni Ixtisoslashtirilgan muassasalarga istisno tariqasida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qiladi. Shu bilan birga har bir voyaga yetmaganlar uchun alohida murabbiy biriktirish va uning ta’lim-tarbiyasini doimiy ravishda nazorat qilish, Ixtisoslashtirilgan muassasalarni bitirgandan keyin uni ish bilan ta’minlash hamda o‘z tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga kirishiga ko‘maklashadi.

Vazirlar Mahkamasi voyaga yetmaganlarni vazirlik va idoralar tasarrufidagi umumta’lim yoki o‘rta-maxsus ixtisoslashtirilgan muassasalariga hamda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan tartibni tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu qaror loyihasida Xalq ta’limi vazirligi 2019 yil 1 avgustga qadar o‘quv-tarbiya muassasalarining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, ularga joylashtirilayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda individual reabilitatsion dasturlarni ishlab chiqish hamda to‘garaklar faoliyatini kengaytirish choralarini ko‘rish;

Yangi tashkil etilayotgan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlar jadvallarini tasdiqlash, har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafar psixolog va ijtimoiy xodim, shuningdek bir nafar shifokor-ginekolog shtat birliklarini ajratish;

tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish, ularni kasbga yo‘naltirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida voyaga yetmaganlarning Respublika o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lgan davr mobaynida har haftada 1 kun 6 soatdan kasbga o‘rgatish bo‘yicha amaliy mehnat mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ta’minlash kabi bir qator vazifalarni amalga oshirishi belgilangan.

Prezident qarori loyihasi bilan ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Xalq ta’limi vazirligi «Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasini yanada takomillashtirish uchun barchani muhokamalarda faol ishtirok etishini so‘raydi. Qaror loyihasining muhokamasi 2019 yilning 18 apreliga qadar davom etadi.