Adliya vazirligi o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi «urush e’lon qildi», ya’ni illatning tub ildiziga bolta urish uchun amaliy harakatlarni boshladi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Xususan, 2018 yilda notariat tizimida yuzaga kelayotgan korrupsion holatlarning oldini olish uchun to‘lovlarni (davlat boji, gerb yig‘imi va pullik xizmat) elektron mobil ilovalar (UPAY, Click, PAYME) orqali to‘lash, avtomatik tarzda xizmatlar uchun narxlarni shaklantirish tizimi joriy etildi.

Shuningdek, «sirli mijoz» reydlari o‘tkazilib, unda aniqlangan korrupsiya holatlari bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rildi hamda bu haqda keng jamoatchilikka ma’lum qilindi.

Masalan, Davlat xizmatlari Agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2019 yil 1 aprel holatiga jami 1 318 ta «sirli mijoz» hamda 7 732 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Natijada DXM xodimlarining 621 tasi ogohlantirildi, 116 tasiga xayfsan, 63 tasiga jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda 68 tasi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Notariat xodimlarining halol va to‘g‘ri ishlashdan manfaatdorligini oshirish maqsadida notariuslarga o‘zlari tomonidan undirilgan pullik xizmatning 80 foizigacha miqdorida rag‘batlantirish bo‘yicha ustamalar berib kelinmoqda.

Bundan tashqari, aholi va xodimlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlari qizg‘in olib borilmoqda. «Biz korrupsiyaga qarshimiz!» megatanlovi, «Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi» insholar tanlovi shular jumlasidandir.

Davlat xizmatlari agentligida elektoron hujjatlar aylanmasi hajmining ortishi, «Ochiq adliya» («Open Justice») dasturining e’lon qilinishi, «ishonch telefon"larining ishga tushirilishi — bularning bari Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashni tubdan va samarali tashkil qilishga kirishgani va bu maqsadida sobitligini bildiradi.

Shu kunlarda vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus dastur qabul qildi. Dasturda adliya organlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab qo‘yildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi tuziladi. Adliya vazirligi qoshida tuziladigan ushbu kengash korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturning ijro etilishini nazorat qilib boradi. Ya’ni vazirlikning bu boradagi faoliyati vazirlik xodimlaridan iborat turli yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi jamoatchilik asosida ishlovchi guruh tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Bu esa o‘z navbatida ob’ektiv nazoratni ta’minlaydi.

Mansabdorlarning faoliyati baholab boriladi. Adliya organlari va muassasalarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarining qay darajada bajarilayotgani baholab boriladi, buning uchun maxsus baholash tizimi joriy etiladi. Shuningdek, xodimlarning faoliyatini jismoniy va yuridik shaxslar onlayn tartibda baholab borishi, o‘zlarining korrupsiyaga qarshi masalalar bo‘yicha shikoyat va takliflarini yuborishlari uchun sharoit yaratiladi.

Attestatsiya jarayoni — jamoatchilik nazorati ostida. Barcha bo‘g‘indagi adliya organlari xodimlarining attestatsiyadan o‘tkazilishi jamoatchilik vakillari kuzatuvi ostida amalga oshiriladi hamda videotasmaga tushuriladi, shuningdek attestatsiya jarayoni onlayn translyatsiyasi qilinadi.

Korrupsiya holatlari haqida xabar berganlar mukofotlanadi. Adliya organlari va muassasalari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tartibi joriy etiladi.

Video va audio yozuvlarga ruxsat beriladi. Avval ma’lum qilinganidek, adliya organlari va muassasalari ma’muriy binolarida (notariat idoralari, davlat xizmatlari markazlari, Intellektual mulk agentligida) ish jarayonini fuqarolarga video va audioga yozib olish huquqi beriladi.

Uzun navbatlar tartibga olinadi. Davlat notarial idoralari va Davlat xizmatlari markazlarida elektron navbat, shuningdek davlat notarial idoralari va davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiluvchilar tomonidan ko‘rsatilgan xizmat sifatini baholash tizimlari joriy etiladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti talabalarining attestatsiyasi onlayn namoyish etiladi. Toshkent davlat yuridik universitetidagi yakuniy davlat attestatsiyasi jarayoni onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetda translyatsiya qilinadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda Xalqaro tashkilotlar tajribasidan foydalaniladi. Adliya organlari va muassasalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashishda bir qator korrupsiyaga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ushbu tashkilotlarning dokladlari va tavsiyalari o‘rganib chiqiladi va ularga asoslanib tahliliy materiallar tayyorlanadi. Ushbu tahlillar asosida korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi belgilanadi.

Ichki tartib-intizom qat’iy nazoratga olinadi. Xususan, adliya mansabdorlarining qo‘l ostidagi xodimlariga shaxsiy topshiriqlarini bajartirish holatlarini aniqlash yuzasidan muntazam monitoring olib boriladi.

Byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar kuchaytiriladi. Xususan, adliya organlari xodimlarining xizmat safarlari va boshqa xarajatlari faqat qat’iy hujjatlangan holda moliyalashtiriladi. Xarajatlarni oshirib yozib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tovar-moddiy boyliklarini va ularning sarfini hisobga olish bo‘yicha yagona elektron tizim ishlab chiqiladi.

Ushbu dasturni amalga oshirish orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqini yuksaltirish, shuningdek, adliya organlari va muassasalarining faoliyatida korrupsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning samaradorligini ta’minlash kabi yuksak natijalar kutilmoqda.