Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2019 yil 5 aprel kuni respublika hududida yoqqan yomg‘ir natijasida yuzaga kelgan vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Nazoratdagi ma’lumot:

Samarqand viloyati: 2019 yil 5 aprel kuni soat 03:25dan 03:37ga qadar viloyat hududida ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi natijasida, Samarqand shahrida 3 ta ko‘p qavatli uylarning (shundan 2 ta uy yerto‘lasi va 1 ta uy kirish yo‘lagi) hamda 41 ta aholi turar-joylari hovlilariga yomg‘ir suvlari kirgan.

Yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish maqsadida Samarqand shahar FVDqT xizmatlari kuch-vositalari tomonidan maxsus texnika va asbob-anjomlar yordamida suv to‘plangan joylardan yomg‘ir suvlarini nasoslar yordamida tortib chiqarish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan shahar hokimligida shtab ishi tashkil etilib, yuzaga kelgan holatni bartaraf etish tadbirlari muvofiqlashtirib borilmoqda.

Navoiy viloyati: 2019 yil 5 aprel kuni soat 02:40dan 03:25ga qadar viloyat hududida ko‘p miqdorda yomg‘ir yog‘ishi sababli qir-adirliklarda to‘plangan yomg‘ir suvlarining oqib kelishi natijasida Xatirchi tumanidagi «Miyonkol», «Qoracha», «O‘zbekiston» va «Qo‘shchinor» mahalalari hududidan sel suvlari oqib o‘tgan. Natijada «Miyonkol» MFYda 9 ta, «O‘zbekiston» MFYda 6 ta uyning tomorqalariga sel suvlari kirgan.

Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish maqsadida hududiy FVDqT xizmatlari kuch-vositalarini jalb qilinib, kollektor quvurlari og‘ziga yig‘ilib qolgan, sel oqimi natijasida oqib kelgan shox-shabbalardan tozalash ishlari hamda yomg‘ir suvlari kirgan xonadonlarning tomorqalaridan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligida shtab ishi tashkil etilib, yomg‘ir natijasida viloyat hududida yuzaga kelgan vaziyatga aniqliklar kiritilmoqda.

Jizzax viloyati: 2019 yil 5 aprel kuni soat 03:30dan 07:15ga qadar viloyat hududida surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida, G‘allaorol tumanining «Oqtosh» qishlog‘idagi 2 ta va «Nurliquyosh» qishlog‘idagi 1 ta xonadonlarning tomorqasiga yomg‘ir suvlari kirgan.

Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish maqsadida tuman FVDqT xizmatlari kuch-vositalarini jalb qilinib, xonadon tomorqalariga kirgan yomg‘ir suvlari nasoslar yordamida tortib chiqarilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligida shtab ishi tashkil etilib, yuzaga kelgan holatni o‘rganish va ishlarni muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyati: 2019 yil 5 aprel kuni soat 03:30dan 04:40ga qadar viloyat hududida yomg‘ir yog‘ishi sababli qir-adirliklarda to‘plangan yomg‘ir suvlarining Kengsoy soyidan oqib kelishi natijasida Kitob tumani «Chirkay» qishlog‘i «Makrid» MFY hududidan sel suvlari oqib o‘tgan. Natijada «Makrid» MFYda 30 ta uylarning tomorqalariga sel suvlari kirgan, shuningdek 3 ta xo‘jalikning qo‘shimcha bino va xovli devorlari qisman zarar ko‘rgan.

Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish maqsadida hududiy FVDqT xizmatlari kuch-vositalari jalb qilinib, yomg‘ir suvlari kirgan xonadonlarning tomorqalaridan suvlarni chiqarib tashlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligida shtab ishi tashkil etilib, yomg‘ir natijasida viloyat hududida yuzaga kelgan vaziyatga aniqliklar kiritilmoqda.