O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 2018 yili 302 mln dollarga oshib, 2017 yilga nisbatan 70 foizga ko‘paydi. Ushbu ma’lumotlar 4 aprel kuni Moskvada tashqi ishlar vazirlarining ikki tomonlama uchrashuvida tilga olindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Shu kunlarda Moskvada MDHga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan ikki tomonlama munosabatlarni jadal rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi borasida fikr almashish chog‘ida Turkmanistonning 2019 yilda MDHga raisligi doirasida hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi.