Butun O‘zbekistonda taksilar faoliyatini qonuniylashtirish byudjetni taxminan 180 mlrd so‘mga to‘ldirib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini eng kamida 0,1 foizga o‘sishini ta’minlaydi. Bu haqda chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda respublikada 13 trln so‘mlik taksi xizmatlari ko‘rsatilgan. Qonunchilikka muvofiq, 5 foizlik yagona soliq stavkasi bilan 650 mlrd so‘m soliq to‘lanishi lozim edi. Amalda 53 mlrd so‘m to‘langan.

2017 yil bilan taqqoslanganda, o‘tgan yili soliq tushumlari 45 foizga kamaygan — 95 mlrd. Toshkentda taksi sohasidan byudjetga tushum 24 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mga kamaygan.

DSQ raisining birinchi o‘rinbosari taksilar faoliyatining qonuniylashtirilishi iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

«Bu yalpi ichki mahsulot hajmini eng kamida 0,1 foizga o‘sishi uchun sharoit yaratadi. Bundan tashqari, legallashtirish yangi ish o‘rinlarini yaratadi, taksichilarga ish staji va pensiya olish imkonini beradi», — dedi u.

Mubin Mirzayev 10 mingdan oshiq haydovchi ulangan Yandeks taksi O‘zbekistonda soliq to‘lamasligini qayd etib o‘tdi.

«[Haydovchilar] litsenziya olmayapti va soliqlarni to‘lamayapti. Agar ularning har biri eng kam ish haqining bir baravari miqdorida soliq to‘laganda, Toshkent byudjetiga har yili 20−25 mlrd so‘m tushar edi. Eng kamida, faqat „Yandeks.Taksi“ mijozlarini legallashtirsak», — deya qayd etdi DSQ rahbariyati vakili.