4 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida kadrlar almashinuvi ham yuz berdi.

Shuhrat Sanjarovich Muhamedxonov Shayxontohur tumani hokimi lavozimidan ozod etildi. Shuningdek uning iqtisodiyot va sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Zokirjonovich Sodiqov va Davlat soliq inspeksiyasi rahbari Faxriddin Umarovich Abdunabiyev ham ishdan bo‘shatildi, deya «Gazeta.uz"ga xabar berdi Toshkent shahar ma’muriyati xodimlari. Sabab — byudjetga soliqlarning tushishi bilan bog‘liq prognozlar bajarilmaganidir.

Majlis davomida byudjetga tushum bo‘lishida sustkashlik qilgan va prognozlarni bajarmagan yettita tuman (Uchtepa, Mirobod, Bektemir, Yunusobod, Mirzo-Ulugbek, Shayxantohur, Sergeli) davlat soliq inspeksiyasi rahbarlari ham lavozimidan ozod etildi.

Mart oyi oxirida bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan majlisda Shayxontohur tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari, shuningdek tuman DSI rahbari ham hayfsan e’lon qilindi.

Shuhrat Muhamedxonov 2018 yilning avgust oyidan Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. Juma kuni Shayxontohur tumani hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Tursunovich Mavlonov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishi kutilmoqda.

Rustam Mavlonov. Foto: shayhontohur.tashkent.uz.