6 aprel kuni OFK shtab-kvartirasi joylashgan Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) 29-Kongressi bo‘lib o‘tadi. Unda kun tartibiga qo‘yiladigan asosiy masala 2019−2023 yillar uchun tashkilotning yangi rahbarini saylash bo‘ladi. OFK prezidentini saylash jarayonida tashkilotga a’zo 47 mamlakat federatsiyalarning vakillari ovoz beradi, deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (MOFA) preziyenti Umid Ahmadjonov mazkur Kongressda ishtirok etish uchun Kuala-Lumpur shahriga jo‘nab ketdi.

Ayni paytga kelib, OFK prezidentligiga nomzodlar orasida faqatgina tashkilotning amaldagi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa nomzodi qolgan. Dastavval bu lavozimga da’vogarlar soni 3 nafar edi: Shayx Salmon Ibrohim bin Xalifa (Bahrayn), Saud Mohannadi (Qatar) hamda Muhammad Romaiti (BAA).

Mart oyida dastlab Muhammad Romaiti, keyinchalik Saud Mohannadi saylovda ishtirok etmasligini ma’lum qilib, o‘z nomzodini qaytib olgan edi. Shu tariqa nomzodlar orasida faqatgina Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa qolgan xolos. Eslatib o‘tamiz, OFK prezidenti bir vaqtning o‘zida FIFA vitse-prezidenti ham sanaladi.

Ta’kidlash joiz, o‘tgan oy Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (MOFA) Kongressida tashkilotga a’zo barcha mamlakat vakillari (Afg‘oniston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) bo‘lajak saylovda Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, ertanggi kongressda OFK vitse-prezidentligiga, FIFA konsulligiga, OFK erkaklar va ayolar ijroqo‘miga ham saylovlar bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Shayx Salmon bin Ibrohim Xalifa 2013 yil may oyida OFK prezidenti etib saylangan. Tashkilotning amaldagi rahbari bo‘lajak saylovda ham o‘z nomzodini qo‘yishi haqida o‘tgan yilning sentyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan OFK ijroqo‘mining yig‘ilishda ma’lum qilgan edi.