7 aprel kuni «Toshkent bo‘ylab 21 km» xayriya aksiyasi mototuristik mavsumni ochib beradi. U bir necha tadbirlarni o‘z ichiga olgan, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan sayohatda ishtirok etuvchi birinchi guruh ishtirokchilarining ro‘yxati shakllantirilgan. Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining malakali mototsiklchilari 7 aprel kuni soat 11:00 da poytaxtdagi «Paxtakor» metro bekati yonida to‘planishadi va soat 12:00 da shahar bo‘ylab 21 km masofada ko‘rgazmali namoyishga chiqishadi.

Soat 11:00 da «Anhor-Lokomotiv» madaniyat va istirohat bog‘ida ham mototuristik mavsum ochilishida ishtirok etishni xohlagan moto ishqibozlarini ro‘yxatga olish boshlanadi va ikkinchi guruh shakllantiriladi. Birinchi guruh boqqa yetib kelgach, ikkala guruh ishtirokida bog‘ bo‘ylab motosayohat uyushtiriladi.

Soat 12:30 dan 16:00 ga qadar «Toshkent bo‘ylab 21 km» xayriya aksiyasi doirasida turli madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Jumladan, «Eng original mototsikl», «Eng chiroyli moto», «Qo‘lda yig‘ilgan (Qo‘l mehnati bo‘lgan) eng yaxshi moto» kabi nominatsiyalarda tanlov o‘tkaziladi va g‘oliblar tanlov tashkilotchilari tomonidan taqdirlanadi.

«Toshkent bo‘ylab 21 km» xayriya aksiyasi yurtimizda sayyohlikni rivojlantirish, butun dunyoda mamlakatimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan.

Unga mototuristlar, moto ishqibozlari qatori Toshkent shahri va viloyatidagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oila farzandlari va imkoniyati cheklangan bolalar taklif etilgan. Ular ham madaniy tadbirlarda o‘z ijodlari, qiziqishlarini namoyish etishadi.

Xayriya aksiya doirasida ishtirokchi bolalarga ham homiylarning sovg‘alari topshiriladi.