2019 yilning 5 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari hamda ishtirokchi davlatlarning o‘zaro aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Yig‘ilishdagi nutqida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari ta’kidladiki, O‘zbekiston so‘nggi 2 yilda MDH doirasidagi faoliyatini jadallashtirdi va ayni paytda hamdo‘stlikning qariyb 50 ta tarmoq organlari ishida to‘liq ishtirok etmoqda. MDHga hamrais-mamlakat sifatida 2019 yilda O‘zbekiston tomoni 7 ta tarmoq organlari yig‘ilishlarini o‘z hududida o‘tkazadi.

Vazirlar tomonidan 1941−1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushi harbiylari qabrlari va harbiy yodgorliklarini saqlash va munosib asrab-avaylash zarurligi to‘g‘risidagi murojaat, MDH ishtirokchi davlatlari tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi sherikchilikni faollashtirish bo‘yicha Harakatlar dasturi, turli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan boshqa qarorlar qabul qilindi.

MDH TIVKning keyingi majlisi Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadi.