Fermer xo‘jaliklarining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi majburiy etib belgilandi. 4 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev fermer va dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritishni ko‘zda tutgan qonunni imzoladi. Qonunchilik palatasi ushbu hujjatni 22 fevralda qabul qilgan, Senat 28 fevralda ma’qullagan edi.

Kengash a’zoligidan chiqishda yer uchastkasiga egalik qilish huquqi yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasi ijarasi huquqi bekor qilinadi. Bu Yer kodeksining 36-moddasiga kiritilgan o‘zgartishda o‘z aksini topdi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida ham yerga egalik huquqi bekor qilinadi. Bu muddat shu vaqtgacha uch yilni tashkil etar edi.

Yer kodeksining yangilangan 84-moddasiga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan hamda tomorqa yerlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shu jumladan yerlarga ishlov berilishining holati, urug‘lar, ko‘chatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning ko‘paytirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoringni amalga oshiradi.

Shuningdek, kengashlar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi a’zolari bo‘lgan fermer, dehqon xo‘jaliklariga hamda tomorqa yer egalariga tegishli yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berishga haqli.

Avval mazkur tuzatishga qarshi chiqqan Qonunchilik palatasi deputati, Liberal-demokratik partiya fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherboyev «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda yangi tartib fermerlar va dehqonlar huquq va manfaatlarini buzib, kengashni «gibrid tashkilot"ga aylantirishini ma’lum qildi.

«Yuqoridagi qonun, loyiha vaqtidayoq noto‘g‘ri ekanligi bilingan edi. Biroq o‘tib ketdi, oqibatda biz Fermerlar Kengashini gibrid tashkilotga aylantirib qo‘ydik. Savdo sanoat palatasi ham gibrid qatorida. Yo davlat bo‘lib davlat emas, yo nodavlat bo‘lib nodavlat tashkilot emas», — dedi u. O‘z vaqtida deputat tadbirkorlarning SSPga majburiy a’zo qilinishiga ham qarshi chiqqan edi (yakunda faqat yirik kompaniyalar uchun majburiylik belgilandi).

«Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, rasmiy hujjatlarda u yoki bu nodavlat notijorat tashkilotiga a’zolik yoki uning faoliyatidagi ishtirokning ko‘rsatilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning nodavlat notijorat tashkilotiga mansubligi yoki mansub emasligi ularning huquqlari va erkinliklarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi.

«Agarda kengash nodavlat tashkilot bo‘lsa, u holda davlatdan mustaqil bo‘lishi, fermerlar huquqlarini ixtiyoriy himoya qilishi lozim. Agar kengash haqiqatdan ham ishlasa va o‘z a’zolari manfaatlarini himoya qilsa, fermerlar va dehqonlarning o‘zlari tashkilot safiga qo‘shiladilar. A’zolik majburiy bo‘lmasligi kerak», — deya ta’kidladi Rasul Kusherboyev.

«Nima uchun men fuqaro sifatida siyosiy partiyalar, Yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lib, a’zolikdan chiqa olamanu, agarda tadbirkor bo‘lsam menda tanlash imkoniyati bo‘lmas ekan? Buni qanday tushunish kerak? Fermerlarning asosiy daromadi — yerdan. Yersiz ular fermer bo‘la olmaydi. Tadbirkor bo‘lishi mumkin, lekin fermer emas», — dedi u.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalidagi izohlaridan birida qonunchilik hujjatlaridan parchalar keltirdi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi

34-modda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Bu huquq, tushunyapsizlarmi, huquq! Majburiyat emas. Xohlasa a’zo bo‘ladi, xohlamasa yo‘q.

«O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida"gi Qonun

1-modda. Jamoat birlashmasi tushunchasi

O‘z huquqlari, erkinliklarini hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro‘yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasidir.

Erkinlik va ixtiyoriylik degan tushunchalar haqida hech eshitganmisizlar?

«Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi Qonun

2-modda. Nodavlat notijorat tashkiloti tushunchasi

Nodavlat notijorat tashkiloti — jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir.

Qonunlarimizga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari faqat va faqat ixtiyoriylik asosida tuzilishi mumkin xolos. Boshqacha yo‘li yo‘q, bo‘lmagan ham. Faqat O‘zbekistondagina istisno bo‘lishi mumkin.