Bu yil Bauxaus universiteti o‘zining 100 yillik yubileyini nishonlaydi. 1919-yili Veymar shahrida arxitektor Valter Gropius tomonidan asos solingan va butun Yevropaning mashhur avangardchilarini birlashtirgan Bauxaus XX asrning arxitektura, san’at va dizayn sohasidagi eng nufuzli o‘quv muassasalaridan biriga aylandi.

Mazmun nuqtai nazaridan, Bauxaus XIX asr boshi uchun odatiy hisoblangan istorizm — o‘tmishning takrorlanuvchi uslubiy shakllari “me'morchilik namunasi” sifatida e’tirof etiladigan yo‘nalishga ters o‘laroq yangi shakllarni izlagan.

Buning o‘rniga o‘qituvchi va talabalar universitetda, e’tiborni kasb ko‘nikmalarini dizayn va arxitekturada gavdalantirishga qaratib, ishlab chiqarishni sanoatlashtirish jarayoni davrida yangi shakllar tilini yaratish masalalarini hal qilishar edi. Lionel Feyninger, Yoxannes Itten, Pol Kleye, Vasiliy Kandinskiy kabi rassomlar va o‘sha davr umumevropa oqimlari, shuningdek, sovet konstruktivizmi ta’siri ostida Bauxausda o‘qish-o‘qitishning yangi uslublari sinab ko‘rildi va joriy etildi.

Germaniyada hokimiyat natsional-sotsialistlar tomonidan egallanib, universitet yopilgach, uning ko‘plab namoyandalari Bauxausning yondashuvlari va qarashlarini butun dunyo bo‘ylab tarqata boshladi. Xususan, Gropiusning o‘zi AQSHda Garvard universiteti professoriga aylandi, Chikagoda esa bugungi kunda IIT Institute of Design nomi bilan mashhur “Yangi Bauxus"ga asos solindi.

Xannes Mayerning ayrim bitiruvchilari, Bauxausning o‘qituvchilari, Sovet Ittifoqiga ko‘chib o‘tdi, bu yerda ular shaharlarni rejalashtirish jarayoniga ayniqsa faol jalb etildi. Sovet hukumati 1920-yillardayoq industrial shaharlarning makon jihatidan va me’moriy qiyofasini loyihalashtirish hamda ijtimoiy shaharlarni tezkor loyihalashtirish metodikalarining yangi g‘oyalari bilan tanishish maqsadida Germaniyaga delegatsiyalarni yuborgan edi. Ushbu g‘oyalarning asoschisi nemis arxitektori va shaharsozi Ernst May bo‘lib, u 1930-yillarda Magnitogorsk, Nijniy Tagil va Novokuznetsk kabi yangi sotsialistik shahalarning loyihalarini ishlab chiqqan va amalga tatbiq etgan edi.

Bauxausdan chiqqan 30 dan ortiq mutaxassislarning Sovet Ittifoqidagi faoliyatini berlinlik madaniyatshunos Astrid Volpert tadqiq etgan.

O‘zbekistonda, masalan, Samarqanddagi qishloq xo‘jaligi instituti binosiga e’tiborni qaratish mumkin, arxivlarda uning Bauxaus bitiruvchisi Antonin Urban tomonidan tayyorlangan loyihalarini topsa bo‘ladi.

Antonin Urban chizmalari, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti: asosiy kirish joyi bo‘lgan markaziy rizalit ko‘rinishi va birinchi qavat rejasi.

Urban Chexiyada tug‘ilgan, Bauxausda o‘qigan, so‘ng, Moskvaga ko‘chib ketishdan avval, Xannes Mayerning Berlindagi ofisida ishlagan. Amalda qurib bitkazilgan bino nisbatan an’anaviy fasad va soddalashgan rejalashtirish (planirovka)ga ega bo‘lsa-da, baribir chizmalar bilan asosiy uyg‘unliklar ko‘zga tashlanadi. Rejalashtirishlardagi klassik modern uslubi shakllarining nafasi, masalan, hozirda saqlanib qolmagan O‘zSSRning birinchi hukumat binosidagi (arxitektor Stefan Polupanov, 1930−32-yillar) kabi, yaqqol seziladi.

Toshkent arxitekturasi nafaqat yillar, balki uslublar bo‘yicha ham turfa. 1920-yillardagi sanoatlashtirish davrida shahar arxitekturasi Konstantin Babiyevskiy va Georgiy Svarichevskiy kabi arxitektorlarning loyihalari ortidan ommaviy turar joy qurilishi g‘oyalari bilan boyidi. Bunga yorqin misol — 1927-yili Svarichevskiy loyihasi asosida qurilgan Temiryo‘l ishchilari uyidir.

Binoning 1930-yillardagi ko‘rinishi. Manba:“Pisma o Tashkente”.


45-uy fasadining ko‘rinishi, 2018-yil. Foto: Durdona Kulmatova.

G‘ishtdan qurilgan ikki qavatli 45-uy Amir Temur ko‘chasida, bosh temiryo‘l vokzali yaqinida joylashgan. Ushbu uyning bunyod etilishi keyinchalik 1930-yillarda Salor kanali bo‘yida ro‘yobga chiqarilgan temiryo‘lchilar uchun ko‘p qavatli turar joylar qurish jarayonini boshlab bergan.

Xususan, ushbu bino nisbatan kichik kvartiralar shahar markazidagi bog‘-hovlili katta imoratlardan kommunal turar joy tuzilishi shakllariga o‘tishni o‘zida mujassam qilgan O‘zSSRdagi 1920-yillar ko‘p qavatli turar joy qurilishidagi o‘zgarishlarning namunasi hisoblanadi. Ichki hovli markazida joylashgan oshxona va umumiy foydalanishdagi hammom kollektivizm g‘oyasini ifoda etardi. 1920-yillar konstruktivizmi bilan o‘xshashlik filigran balkonlar va zinapoyalarning vertikal yo‘naltirilgan oynalari ko‘rinishida aks etgan, bu esa Yevropa kolonial arxitekturasidan o‘zlashtirilgan yangi qurilish an’analariga o‘tishdan dalolatdir.

Temiryo‘l ishchilari uyi o‘n yillikning boshida faqat shahar imoratlaridagi uy-kommunalardan iborat bo‘lgan O‘zSSRning ilk yillaridagi ommaviy turar joy qurilishining kamyob dalilidir. 1980-yili ushbu turar joy arxitektura yodgorligi sifatida tan olingan va yodgorliklarning inventarizatsiya ro‘yxatiga kiritilgan, buni arxiv ma’lumotlari ham tasdiqlaydi.

Bu uy o‘ziga xos, takrorlanmas. Isitish va ventilyatsiya tizimi yaxshi o‘ylangan, shu bois xonadonlar yozda salqin va qishda issiq. Binoning hajmiy-makoniy kompozitsiyasi ichki hovli tarafdan Markaziy Osiyo uchun xos yog‘och qoplamali ochiq peshayvonni o‘z ichiga oladi. Ko‘mir saqlash uchun mo‘ljallangan pastak yerto‘la ustidan ikki qavat qad rostlagan.

Binoning shimoli-g‘arbiy qanoti ikki tomoni ochiq oltita pod’ezddan iborat bo‘lib, har bir qavatda ikki va uch xonali kvartiralar joylashgan, janubi-sharqiy qanotda esa to‘rtta zina o‘rni bo‘lib, har biri qavatlardagi to‘rttadan xonadonga kirish imkonini beradi. Zinapoya maydonchalarining pollari oq-qora kvadrat plitalar bilan shaxmat tartibida bezatilgani ayniqsa e’tiborga molik.

Keng turar joy maydonlariga baland va tor derazalar o‘rnatilgan, devorlardagi qalinligi 90 santimetrga yetadigan tokcha (taxmon)lar esa mebelning o‘rnini bosib, joyni tejaydi. Binoni qurish vaqtida o‘rnatilgan ko‘mir bilan isitiladigan cho‘yan pechlar hozirgacha saqlab qolingan va gazda isitishga moslashtirilgan.

Uy bloklari konstruktiv jihatdan Toshkent vohasining urbanizatsiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etgan milodning I asriga mansub aholi manzilgohi — Mingo‘rik arxeologik yodgorligining bevosita atrofida joylashgan katta markaziy hovlini hosil qilgan.

Interer devorlaridagi tokchalar, 2018-yil. Foto: Durdona Kulmatova.


Original plitalari shaxmat tartibida terib chiqilgan zinapiya maydonchasi, 2018-yil. Foto: Durdona Kulmatova.

Iqlim sharoitlariga moslashuv vositasi — yog‘och qoplamali peshayvonlar. Ular binoning ichki va tashqi qismlari o‘rtasida juda qulay koridor hosil qilib, shu tarzda turmush sifatini ham yaxshilaydi. 2018-yil. Foto: Durdona Kulmatova.

Bauxaus va sovet konstruktivizmi rivojlanishi tarixidagi yana bir o‘zaro aloqadorlikni Babiyevskiy loyihasi asosida 1931 yili paxta tozalash sanoati xodimlari uchun qurilgan idoraviy uyda ham ko‘rish mumkin. Uy Toshkentning markaziy qismida, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan. Bu bino har bir xonadonida o‘z oshxonasi va alohida vannaxonasi bo‘lgan ilk zamonaviy turar joy ob’ekti edi.

Loyihaning bosh g‘oyasi “Bizga nima kerak” va “Mening minimumim” shiori bo‘lgan. Ushbu shior Frankfurtda 1929-yili bo‘lib o‘tgan “CIAM” kongressida e’lon qilingan “Kun kechirish minimumi uchun qurilish” ta’rifiga hamohang edi.


Fotosuratda uzuq-uzuq metall panjarali aylanma balkonlarning zamonaviy holati aks etgan. Manba: Shukur Asqarov, Genezis, O‘zbekiston arxitekturasi, Toshkent, 2006.


Qavat rejasi: fasad balkonlar “egilib” turgan, vannaxona joylashgan va plitkalar bilan to‘ldirilgan chuqur hisobiga yanada jo‘shqin ko‘rinish olgan.

Bino dizaynida Yevropaning XX asr boshidagi zamonaviy arxitekturasi tamoyillari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Berlinda 1920 yillarda qurilgan va hozirda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan turar joy majmualari kabi, Babiyevskiy uyi ham arxitektura va dizayndagi yangicha yondashuvlari sabab, turmush sharoitlarining yaxshilanishi timsoli edi.

Bezaklardan voz kechish, oddiylik, abstrakt fasadlar va oddiy geometrik shakllarda binoning makoniy ko‘rsatkichlariga yuqori talab qo‘yish loyihaning e’tiborga molik jihatlaridir. Shunga qaramay, fasaddagi baland chuqurlar mahalliy qurilish an’analariga asoslangan. Balkonlarning umumiy ko‘rinishini shakllantirgan to‘siqlarning chiziqlari zina minoralari bilan uyg‘unlikda me’moriy inshootga jo‘shqinlik baxsh etgan.

Ushbu ikki bino 1920 yillarda va 1930 yillar boshida Toshkentdagi turar joy qurilishi va konstruktivizmning eng yorqin namunalari hisoblanadi — ular o‘sha davr ko‘p qavatli turar joy qurilishi evolyutsiyasini namoyon etadi va saqlab qolinishi lozim. Masalan, Berlindagi modernizm davriga mansub mavzelar Butunjahon merosi maqomini olgan bir vaqtda Toshkentda muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan ob’ektlar ularning qadriga yetmaslik oqibatida buzib tashlanishi mumkin.


Butunjahon merosi — “Modernizm davridagi Berlin mavzelari"ning bir qismi hisoblangan Berlindagi 1920 yillarda qurilgan turar joy majmualari. Arxitektor: Bruno Taut, Manba: Vikipediya.


Alyuminiyli kompozit panellar balkonlarning qachonlardir bejirim bo‘lgan ko‘rinishini buzmoqda, 2018 yil. Foto: Durdona Kulmatova.


Konstruktivizm va bino qurilgan yil — 1931 yilga xos oyna polosasiga ega zinapoya maydonchasining turtib chiqqan joyi. Foto: Durdona Kulmatova, 2018 yil.


Mustaqillik shoh ko‘chasidagi uyning umumiy ko‘rinishi, 2018 yil. Foto: Durdona Kulmatova.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Drezden texnika universiteti, shuningdek, Bauxaus bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Toshkent me’moriy yodgorliklari topografiyasi tadqiqoti” loyihasi doirasida yuqorida tilga olingan turar joylarning ekspertizasi va baholashi o‘tkazildi. Binolarning tarixiy va badiiy ahamiyati hamda O‘zbekistonning “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida"gi qonuni 3-moddasida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiqligi aniqlandi. Shu boisdan keng jamoatchilik va kelajak avlod manfaatlaridan kelib chiqib, bu binolarni saqlab qolish zarur.

Tashkil etilganidan 100 yil o‘tib, Bauxaus bugun nimalar mashg‘ul? Institutning Veymar, Dessau va Bernaudagi binolari hozirda Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganiga qaramay, Bauxaus davrimizning arxitektura, dizayn va yodgorliklarni saqlab qolish bo‘yicha jamoaviy chaqiriqlarga yechimlar izlashda davom etmoqda.

2013 yildan beri Toshkent arxitektura-qurilish instituti (TAQI) bilan qizg‘in hamkorlik davom etmoqda. Binolarni konservatsiya qilish va yodgorliklar muhofazasi bo‘yicha 2013−2015 yillardagi magistrlik dasturida ishtirok etish, shuningdek, hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan inventarizatsiyaga yo‘naltirilgan me’moriy meros topografiyasini tadqiq etish loyihasi va u bilan bog‘liq Toshkentning saqlab qolishga loyiq me’moriy yodgorliklarini madaniy-tarixiy jihatdan baholash jonli va muvaffaqiyatli hamkorlikni namoyon etadi, bunga, shuningdek, yodgorliklarni muhofaza qilish bo‘yicha nemis xizmatlari bilan mutaxassislar almashinuvini ham kiritish mumkin. Almashinuv teskari yo‘nalishda ham davom etmoqda.

O‘tgan yil yozida TAQI bitiruvchilaridan biri Islom Karimov nomidagi stipendiya bo‘yicha Veymardagi Bauxausda o‘qidi, qishki semestrdan boshlab esa Toshkent talabalari universitetda arxitektura va qurilish muhandisligi bo‘yicha tahsil olishlari uchun o‘qish o‘rinlari muntazam asosda ajratiladi.

Bundan tashqari, yodgorliklarni muhofaza qilish sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Arxitektura yodgorliklarini muhofaza qilish bo‘yicha Toshkent shahar inspeksiyasi yuqorida tilga olingan Amir Temur ko‘chasidagi 45-uyni o‘rganib chiqdi, yodgorlikni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘qolgan qaydlar esa arxivlardan topildi. Ilmiy kengash yig‘ilishida binoning o‘ziga xosligi va uning arxitektura yodgorligi sifatidagi maqomi tasdiqlandi.

Tegishli vakolatli organ va olimlar bino muhofazaga loyiq, degan fikrda. Madaniyat vazirligi tomonidan ham shunday tasdiqning berilishi shaharni qayta qurish jarayoni ishonchli huquqiy va jamoaviy asosda yuz berayotganini jamoatchilikka ko‘rsatuvchi zarur va vaqtida berilgan signal bo‘lur edi. Aynan mana shu huquqiy ishonch mamlakatni investitsiyalar va xalqaro aloqalar ham uchun jozibali qiladi.

Mualliflarning fikri tahririyati nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

Yens Yordan — me’moriy merosni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis, Germaniyaning IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro kengash) Milliy qo‘mitasi a’zosi, Drezden texnika universiteti va Bauxaus universiteti katta ilmiy xodimi. 2006 yildan beri O‘zbekistonning me’moriy merosini o‘rganadi. 2012−2015 yillarda O‘zbekiston me’moriy merosini restavratsiya, muhofaza qilish va menejmenti bo‘yicha o‘zbek-nemis magistrlik dasturini tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etgan. 2017 yildan beri o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida madaniy meros ob’ektlari holati to‘g‘risidagi bilimlarni berishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy loyihani olib bormoqda. Ushbu loyihalar Germaniyaning Folksvagen fondi tomonidan O‘zbekiston me’moriy merosini muhofaza qilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun ajratilgan grant bilan qo‘llab-quvvatlangan.

Durdona Kulmatova — 2013−2015 yillarda TAQI huzurida Germaniyaning to‘rtta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan binolarni konservatsiya qilish va yodgorliklar muhofazasi bo‘yicha o‘zbek-nemis magistrlik dasturi ishtirokchisi. Hozirgi vaqtda Toshkent me’moriy yodgorliklarini inventarizatsiya qilishga yo‘naltirilgan me’moriy merosni tadqiq etish loyihasi ishtirokchisi hisoblanadi, IKOMOS a’zosi.