Toshkentning Yunusobot tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi 1 aprel kuni tilanchilik uchun qo‘lga olingan 59 yoshli Muxtabar Yu. ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Toshkent IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, bunday qaror rahmdillik va insoniylik, qolaversa ayolning yoshidan kelib chiqib qabul qilindi.

28 yanvar kuni ma’muriy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudi Muxtabar Yu.ni Ma’muriy javobgarli to‘g‘risidagi kodeksning 188−3- moddasi 1-qismida («Tilanchilik qilish») ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, uni eng kam ish haqining 0,5 baravari miqdorida jarimaga tortgan edi.

1 aprel kuni ayolning Bodomzor ko‘chasida joylashgan masjid yaqinida yana tilanchilik bilan shug‘ullanayotgani qayd etilgan. Jarima qo‘llanilganidan so‘ng yana tilanchilik bilan shug‘ullanish Jinoyat kodeksining 127−1-moddasiga muvofiq, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

IIBBning qayd etishicha, ayolning eri va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bor, uning barcha qarindoshlari mehnatga layoqatli va uning ta’minotidan voz kechishmagan. «Tilanchilik bilan shug‘ullanish uning xobbisiga aylangan».

«Ayol va uning qarindoshlari bilan jiddiy profilaktik suhbat o‘tkazildi», — deyiladi IIBB xabarida.