O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari hududida ushbu davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida «Stop-trafik» tezkor-profilaktik tadbirlari boshlanib,26−30 mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida o‘tkazildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi bazasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tashkil etilib, odam savdosi bilan bog‘liq transchegaraviy va transmilliy guruhlarning jinoiy faoliyatini oldini olish va fosh etish, ushbu yo‘nalishda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash, qo‘lga olish va profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.

«Stop-trafik» tadbirlari davomida bir qator jinsiy ekspluatatsiya, chaqaloq savdosi, fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish kabi jinoyatlar aniqlanib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, tungi klublar, sauna va mehmonxonalarda tashkil etilgan 2861 ta reydlar doirasida 258 nafar yengil tabiatli ayollar aniqlanib, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 87 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Shuningdek, mazkur tadbirlar davomida respublikaning barcha viloyatlari, ya’ni chegara hududlari, aeroport, ta’lim muassasalari, mahallalar va turistik firmalarda 6417 marotaba targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, 6259 nafar shaxslar bilan individual tarzda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining Bektemir, Yunusobod va Shayxontoxur tumanlarida joylashgan bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari, Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport hamda «G‘ishtko‘prik» chegara maskanida 3740 nafar shaxslar bilan odam savdosi va noqonuniy mehnat migratsiyasi sohasidagi savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilib, ichki ishlar organlari xodimlari va «Istiqbolli avlod» nodavlat notijorat tashkiloti vakillari tomonidan bosma targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Shu bilan birga, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda hokimlik mutasaddi xodimlari ishtirokida ayollarni shahvoniy ekspluatatsiya qurboniga aylanib qolishi, OITS va shunga o‘xshash yuqumli kasalliklarni yuqtirib olishini oldini olish maqsadida keng qamrovli tadbirlar ham tashkillashtirildi.

Tadbirlar doirasida O‘zbekistonda mehmon bo‘lgan qo‘shni davlat vakillari Toshkent, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida bo‘lib, amaliy tadbirlarda ishtirok etdi.

Tadbirlarning yakuniy natijalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida muhokama qilinib, yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurashishda erishilgan natijalar alohida e’tirof etildi hamda kelgusida barcha hamdo‘stlik davlatlarida davom ettirilishiga kelishildi.