Noto‘g‘ri ovqatlanish har yili 11 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Tamaki iste’moli bilan bog‘liq kasallardan esa 8 million kishi o‘lmoqda, deb yozdi The Lancet jurnali.

Tadqiqot AQSHdagi Salomatlik ko‘rsatkichlari va yevolyutsiya instituti (Institute for Health Metrics and Evaluation) tomonidan o‘tkazildi.

Eng katta muammo, bu — biz iste’mol qilayotgan nosog‘lom yemaklar emas, balki biz yemaydigan ozuqalarda. Shakar va transyog‘lar zararli, ammo ratsionimizda sog‘lom ovqatlarning yo‘qligi eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lmoqda", — deya iqtibos keltiradi nashr.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish sababli sodir bo‘luvchi yurak xuruji va insult o‘lim holatlarining asosiy sababi bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda saraton va qandli diabetning ikkinchi turi bormoqda.

Izlanishlar to‘g‘ri ovqatlanish orqali dunyoda har beshinchi o‘limning oldini olish mumkinligini ko‘rsatdi. Meva va sabzavotlarni kam, tuzli ovqatlarni juda ko‘p iste’mol qilish ovqatlanish bilan bog‘liq o‘lim holatlarining yarmini tashkil etadi.

Institut tadqiqotchilaridan biri Ashkan Afshinning qayd etishicha, O‘rta Yer dengizi parheziga amal qiluvchi, ya’ni ko‘proq meva, sabzavotlar,yong‘oq va dukkakli mahsulotlarni iste’mol qiluvchi davlatlar salomatlik borasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan. Ular — Livan, Isroil va Eron.

Jumladan, Isroilda ovqatlanish bilan bog‘liq o‘limlar bo‘yicha eng past ko‘rsatkich qayd etilgan — har 100 ming aholiga 89 kishi. Keyingi o‘rinlarda Fransiya, Ispaniya va Yaponiya bormoqda.

Buyuk Britaniya 100 ming aholiga 127 holat bilan 23-, AQSH — 43-(171) o‘rinni band etdi. O‘zbekiston esa har 100 ming kishiga 892 holat bilan oxirgi o‘rinni egalladi.