O‘qituvchilarni obuna bo‘lishga majburlaganlik ayblanib vazifasidan ozod qilingan Yangiyo‘l tumanidagi 10-maktab direktori Shavkat Rizayev 25 mart kuni o‘z lavozimiga qayta tayinlandi. Bu haqda «Ma’rifat» gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov o‘zining Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

Ishdan bo‘shatilgan direktorning lavozimiga qayta tayinlangani haqida tahririyatga xabar kelib tushganch, nashr muxbirlari masalaga oydinlik kiritish maqsadida Yangiyo‘l tumaniga boradi.

«Men hech kimni gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishga majburlamagandim, — deydi Shavkat Rizayev. — Aslida voqea boshqacha bo‘lgan… Jamoamizda navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Unda obuna masalasi ham ko‘tarildi. Men majburiy obuna taqiqlanganini, agar kimda-kim xohlasa, ixtiyoriy tarzda o‘zi istagan gazeta-jurnalga obuna bo‘lishini bildirdim. Shundan so‘ng aksariyat pedagoglar biror nashrga bir kishi yakka holda obuna bo‘lishi moddiy jihatdan og‘irlik qilishini, shu sabab, o‘zaro kelishib, oylik ish haqlaridan faqat ta’lim nashrlariga yozilishini aytishdi. Men ham rozi bo‘ldim».

Hisob-kitoblarga ko‘ra ta’lim nashrlari — «Ma’rifat» gazetasi, «Boshlang‘ich ta’lim», «Xalq ta’limi», «Maktabda kimyo», «Pedagog minbari», «Maktabda biologiya», «Sinf rahbari», «Informatika va matematika» jurnallari obunasiga bir million so‘m atrofida mablag‘ kerak bo‘lgan. «Bu dekabr oyidagi gap. Yanvarda o‘qituvchilar o‘z ixtiyori bilan oylik ish haqidan 26 ming so‘mdan yig‘di. Ammo pulni men qo‘limga ushlamaganman», — deydi direktor.

Uning gazeta muxbirlariga ma’lum qilishicha, bir necha kun o‘tgach, ur-to‘polon boshlangan. Direktorni boshqarmaga chaqirishadi. Boshqarma boshlig‘i xonasida Xalq ta’limi vazirligining xodimi Otabek Ibragimov u bilan suhbatlashadi. Vazirlik mutaxassisi uni tushunishni xohlamaydi. «Sen prezident topshirig‘ini bajarmagansan. Hatto maktabda ishlashga ham noloyiqsan», deydi. Shundan so‘ng yozma tilxat olib, ketishga ruxsat beradi.

«Keyin fevral oyida OAVda Xalq ta’limi vazirligining axboroti e’lon qilindi. Mahalla-ko‘y, qavm-qarindoshlar oldida yuzim shuvut bo‘lgani yetmagandek, endi butun respublikaga yomonotliq bo‘ldim. Nahotki, umrimni, hayotimni o‘qituvchilik kasbiga baxsh etsamu, evaziga topganim shu bo‘lsa, deb qon yig‘ladim», — deydi pedagog.

Shavkat Rizayevning ta’kidlashicha, maktabga 2006 yili direktor bo‘lgan. «O‘shanda ahvol juda achinarli edi. 315 o‘rinli binoda sifatli ta’lim olish uchun sharoit yetishmasdi. Sport zali yo‘q edi. Direktor bo‘lib ish boshlagan ilk kunlarimdanoq, mana shu muammolarga yechim qidira boshladim. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga oylab qatnadim. Nihoyat, maktabimiz 2016 yilgi Investitsiya dasturiga kiritildi. Qurilishni «Chinoz PMK-33» qurilish korxonasi olib bordi. Yangi o‘quv yiliga oz vaqt qolgandi. Shu bois, quruvchilardan iltimos qilib, ishni ikki smenada tashkil etdik. Minnat emasu, ularning kechki taomini ham o‘z hisobimdan qildim. Kechalari quruvchilarga ko‘maklashdim. Maqsad qurilish ishlarini yangi o‘quv yiligacha tamomlash edi. Ming shukr, harakatlarimiz besamar ketmadi. Belgilangan muddatda qurilish yakuniga yetgach, maktabni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosi paydo bo‘ldi. Bu murakkab ish katta mablag‘ talab qilardi. Chunki qishlog‘imizda ichimlik suvining o‘zi yo‘q edi. Qolaversa, maktabni ichimlik suvi bilan ta’minlash Dasturga kiritilmagan ekan. Qurilish korxonasi rahbari Ahmadali Xudoyberganov bilan maslahatlashib, muammoga yechim qidirdik. U ham mard inson ekan. Garchi bu ish uchun mablag‘ ajratilmagan bo‘lsa-da, maktab uchun yordam qildi. 110 metr chuqurlikdan toza ichimlik suvi chiqarib berdi. Buning uchun, adashmasam, 70 million so‘m sarflandi. Kamiga mahalla fuqarolar yig‘ini ham ko‘maklashdi. Nihoyat, maktabimiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bundan qishloq ahli ham xursand bo‘ldi. Hozir ular ham shu quduqdan foydalanadi.

Shu ko‘ngilsizlikdan keyin yon-atrofdagi maktab direktorlari menga qo‘ng‘iroq qilib, qaysi gazeta-jurnallarga obuna «uyushtirilgani"ni so‘radi. Faqat ta’lim nashrlariga ekanini aytganimdan keyin ular ham qo‘rqib, shu nashrlar uchun obunaga targ‘ibotni to‘xtatishdi…»

Suhbat davomida o‘qituvchilar shu voqeadan keyin ta’lim nashrlarining obunasi uchun yig‘ilgan pullar qaytarib berilganini ta’kidlashdi. Achinarlisi, barcha muallimlar ta’lim nashrlariga o‘zlari xohlab obuna bo‘lishni istashsa-da, gazeta-jurnallarsiz qolishibdi, deb yozadi gazeta muxbirlari.