Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar A. Tursunboyev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni — 16) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, sudlanuvchilar A. Tursunboyev va boshqalar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Hozirgi kunda sud tergovi o‘tkazilmoqda. Bugunga kelib 11,5 mingdan ziyod jabrlanuvchilarning 7 mingdan ortig‘i so‘roq qilindi, 20 nafar guvohning ko‘rsatmalari tinglandi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi X. Shermuxamedov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda.

Eslatib o‘tami, 2018 yil 21 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadjon Tursunboyev, Olmos Qo‘chqorov, Izzatila Ibrohimov, Murodjon Tursunboyev, Oybek Tursunboyev, Azizjon Turdiyev va Rashid Ismoilovga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan. Ularga 7 yildan 13 yilgacha muddatdan ozodlikdan mahrum etish va jarima jazolari tayinlandi.