Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Toshkentning Yunusobod tumani hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Baxtiyor Abdusamatov (1976 yilda tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Abdusamatov 2018 yil sentyabrida xizmat xonasia pora olayotganda ushlangan edi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, yer uchastkasi ajratish uchun pora miqdori 400 ming dollarni tashkil etgan.

U bilan birga vaqtinchalik ishsiz O‘lmas Muxamedsaidov (1970) va Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi «Milliy PR-markazi» DUK bosh direktori lavozimida ishlagan Shoxrux Malikov (1982) ham sudlanmoqda.

Sobiq hokim Baxtiyor Abdumasatov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210-moddasida (pora olish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

O‘lmas Muxamedsaidov esa JKning 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish), Shoxrux Malikov JKning 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Hozirgi kunda sud tergovi davom etib, guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda, deyiladi xabarda.