2020 yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ob’ektni 553 mln dollar modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha boshlanadi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining prezident Shavkat Mirziyoyevning 29−30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifiga bag‘ishlangan maxsus dasturida ma’lum qilindi.

1997 yilda asos solingan zavod ilk bor texnologik jihatdan yangilanadi. Ishlar yakuniga yetganidan so‘ng NQIZ har yili 2,5 mln tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlab, 1,2 mln tonna «Yevro-5» standartidagi benzin, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yoqilg‘isi va 30 ming tonna mazut ishlab chiqaradi.

Zavod yiliga 2,5 mln tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lsa ham, sentyabrda yozganimizdek, uglevodorod xom ashyosi hajmi kamayishi ortidan Buxoro NQIZ bandligi 62,2 foizni tashkil etmoqda.

Qayd etish joizki, avvalroq qurilishi 2017 yil aprelida boshlangan Jizzax viloyatida neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi to‘xtatilgan edi. «Neftgazinvest» kompaniyasi direktori Xusniddin To‘rayevning qayd etishicha, asosiy e’tibor hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan Buxoro va Farg‘ona zavodlariga qaratiladi.

Buxoro NQIZni modernizatsiya qilish loyihasi 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan ikki yillik dasturdan o‘rin olgan bo‘lib, uning doirasida to‘qqizta davlat ahamiyatiga molik yirik loyiha amalga oshiriladi. O‘zlashtiriladigan sarmoyalar hajmi 1,3 mlrd dollarni tashkil etishi lozim.