Seshanba kuni ko‘zi ojiz bolalar uchun maktab-internatlariga Brayl bo‘yicha priborlarning birinchi 725 tasi topshirildi, avgustda yana 1275 tasining yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Uskunalar O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, Janubiy Koreyaning «FRIEDASIA» kompaniyasi va Butunrossiya Ko‘zi ojizlar jamiyati o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida sotib olindi.

Avgustda maktab-internetlariga 1275 dona pribordan iborat ikkinchi partiya yetkaziladi. Shunday qilib, joriy yilda O‘zbekistondagi ko‘zi ojiz bolalar uchun maktab-internatlari Brayl yozuvi uchun grifelli 3000 ta temir daftarga ega bo‘ladi. Loyiha qiymati 357 mln so‘mni tashkil etadi.

Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun 14 ta maktab-internati faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan 2831 o‘quvchiga 823 o‘qituvchi va 606 tarbiyachi ta’lim bermoqda.

O‘quvchilarga 145 nomdagi darsliklar (Odobnoma, Musiqa, Tasviriy san’at, Mehnat ta’limi va Jismoniy tarbiya darsliklardan tashqari) Brayl tizimida alohida chop etiladi. So‘nggi ikki yilda ko‘zi ojiz bolalar uchun jami 30 nomdagi (33 628 nusxa) darslik chop etildi. 2019−2020 o‘quv yili uchun 10 nomdagi 13 ming 843 nusxa darsliklar chop etilishi rejalashtirilgan.