30 mart kuni O‘zbekiston Sport vazirligi Chimkent-Toshkent marafoni bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edi. «Gazeta.uz» e’lon qilgan xabar ostidagi izohlarda tadbir ishtirokchilaridan biri Yuriy Xramov O‘zbekiston nomidan qatnashishga ariza bergan 55 sportchidan faqat 7 nafarigina marafonda ishtirok eta olganini yozdi. U O‘zbekiston delegatsiyasining katta qismi ilova xati yo‘qligi sababli Qozog‘iston chegarasini kesib o‘ta olmaganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston Velosport federatsiyasi (UCF) bilan bog‘langanida, bu xabar o‘z tasdig‘ini topdi: «O‘zbekiston Velosport federatsiyasi tomonidan barcha zarur jarayonlar amalga oshirildi. Biz sportchilar uchun Chimkentga avtobus va fura tashkil etdik. „Mayskiy“ postida Qozog‘iston vakillarimizni o‘z velosipedlari bilan chegaradan o‘tkazmadi. Velosipedchilarimiz betaraf hududda — O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaralari o‘rtasida qolib ketdi».

Sport tashkilotining qayd etishicha, Qozog‘iston Velosport federatsiyasi Qozog‘iston chegara postiga zarur maktubni yubormagani sababli o‘zbekistonliklar chegarani kesib o‘ta olmagan.

«Biz o‘z postimizga xatni yubordik — ular o‘tkazib yuborishdi, biroq ular tomonidan ilova xati yo‘qligi sababli Qozog‘istonga kirishning iloji bo‘lmadi. Shuning uchun velosipedlarni betaraf hududda qoldirib, chegaradan sportchilar bilan o‘tishimizga to‘g‘ri keldi, chunki ular bizdan bojxona deklaratsiyasini talab qilishdi», — dedi federatsiya vakili.

Chimkentga kelgan O‘zbekiston vakillari Qozog‘iston Velosport federatsiyasiga muammo haqida xabar beradi. «Federatsiya mas’ul xodimi zudlik bilan xatni tayyorladi. Bizni velosipedlar o‘tkazib yuborilishi va biz marafon qatnashchilari yo‘lning yarmini kesib o‘tib, Qozog‘iston dovonidan o‘tganida ularga qo‘shilishimizga ishontirishdi. Biroq xat belgilangan yerdan o‘tib, „G‘ishtko‘prik“ postiga yetib kelganimizda keldi», — dedi UCF vakili.

«Mayskiy» posti betaraf hududida turgan avtobus haydovchisi O‘zbekistonga qaytishga harakat qilgan, biroq u yerda ham muammo paydo bo‘lgan, dedi suhbatdosh.

«Chegarachilarimiz haydovchi nima uchun Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tmasdan betaraf hududga qaytganini so‘rashdi. Vakilimizning «G‘ishtko‘prik"dan «Mayskiy"ga 20 km masofaga borishiga to‘g‘ri keldi. Shundan keyingina sportchilarimiz velosipedlarini olib, boshqa marafonchilarga qo‘shilish va Toshkentdagi finish chizig‘ini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi».

O‘zbekiston Velosport federatsiyasi marafonda xabarda ko‘rsatilgandek 250 nafar emas, balki 150 nafar sportchi, jumladan 55 nafar O‘zbekiston vakilining ishtirok etishi kutilganini qayd etib o‘tdi.