O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi jangovar tayyorgalik bosh boshqarmasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi «Sen yolg‘iz emassan» respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 22- va 23-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan Mudofaa vazirligi Tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashiqlari markaziga ekskursiya uyushtirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Mehribonlik uylarida tashkil etilgan harbiy-sport guruhlarining 70 nafar tarbiyalanuvchilari tog‘ sporti turlarining alpinizm, qoyani zabt etish, shuningdek, ot minish, ekstremal sharoitlarda yashovchanlik asoslari va kichik kalibrli miltiqdan otish tayyorgarligi elementlari bo‘yicha boshlang‘ich bilim olib, amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishdi.

Shu bilan birga yoshlarga markaz tog‘-yo‘riqchilari va soha bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan sport ustalari tomonidan harbiy vatanparvarlik va tog‘ sporti turlari bo‘yicha ma’ruzalar qilinib, o‘quv filmlari namoyish etildi.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi tadbirlar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni jismonan sog‘lom hamda yetuk kamol toptirish yo‘lida o‘tkazilmoqda.