Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Baxtiyorovich Po‘latov vazifasidan ozod etildi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati vakili «Gazeta.uz"ga.

"Gazeta.uz" hukumatdagi axborot manbasidan aniqlik kiritishicha, 1 aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 5−10 aprel kunlari Termizda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish uchun Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hukumat rahbari viloyat hokimini tanqid qilib, uni vazifasidan ozod qildi.

Viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari To‘ra Abdiyevich Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Bahodir Po‘latov 2018 yil iyulidan hokimiyatga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Avval u Toshkent viloyati prokurori (2018), Qashqadaryo viloyati prokurori (2017−2018), Farg‘ona viloyati prokurori va hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.