Xususiy mulk huquqi buzilishi investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqaradi, deb yozadi Garvard biznes maktabining tadqiqotchisi, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashining a’zosi Botir Qobilov. U o‘zining navbatdagi maqolasida investitsiyalar davlatga va biznesga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, butun jamiyat uchun farovonlik ne’matiga aylanadigan sohalarga ishora qiladi.

Shaharlardagi turar joylar va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlarini buzish davom etayotgani, shuningdek investitsiya muhitini yaxshilashdek dolzarb mavzu O‘zbekiston o‘z taraqqiyoti davomida tayanishi kerak bo‘lgan fundamental tushunchalardan foydalanish haqidagi fikrlarni keltirib chiqaradi.

Mamlakatimiz xorijiy investorlar va jahon hamjamiyati uchun iqtisodiyot eshiklarini ochib, xalqaro moliya bozorlari tomon dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda. O‘zbekiston 8,5 mlrd dollarlik yevroobligatsiyalarga ehtiyoj bo‘lib turgan bir paytda dastlabki 1 mlrd dollar hajmidagi shunday obligatsiyalarni muvaffaqiyatli chiqargani quvonarli hol. Bu — mamlakat uchun haqiqatan ham tarixiy voqea.

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, obligatsiyalar joylashtirilishi, birinchi navbatda, mamlakatni intizomga soladi. Ehtimol, intizom kuchayishi hozirgi bosqichda biz obligatsiyalarni joylashtirishdan olayotgan eng katta manfaatdir, deyish mumkindir.

Shu nuqtai-nazardan qaraganda, axborotning hammabopligi masalasiga munosabatni tubdan o‘zgartirish, statistika hisobotlarini mustahkamlash, davlat korxonalarining buxgalteriyasini sog‘lomlashtirish, ommaviy axborot vositalarining xolis axborot yetkazib berish borasidagi imkoniyatlarini cheklamaslik zarur.

Shunday qilinsa, investorlar va bozor ishtirokchilarining O‘zbekiston iqtisodiyoti, moliya tizimi, korxonalarning hisobotlari, qonunlar ijrosi to‘g‘risidagi, qolaversa, xususiy mulk huquqi muhofazasi haqidagi to‘g‘ri va shaffof axborotga bo‘lgan talabi ko‘p marotaba oshadi. Xususiy mulk huquqi muhofazasi to‘g‘risida esa biz ilgari ham ko‘p mulohaza yuritganmiz.

Mamlakatning ayrim mintaqalarida xususiy mulk daxlsizligi prinsipi tez-tez buzilayotgani yevrobondlarni joylashtirish va xorijiy investorlarni jalb etish orqali jahon hamjamiyatiga darvozalarimizni keng ochish uchun amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan ishlarga mutlaqo ziddir. Shunday ekan, men o‘zgarmas qadr-qimmatga ega ikki narsaga e’tiborni qaratmoqchiman. Bular — xususiy mulk huquqini muhofaza qilish va xalqning davlatga ishonchi masalalari.

Fundamental asos

Boshqa mamlakatlarning tajribasini tahlil qilish va qo‘llashga urinar ekanmiz, ularda, masalan turizm, mintaqalar, qishloq xo‘jaligi, innovatsion texnologiyalar, shaharsozlik, ta’lim sohasi, AKT, banklar, fuqarolik jamiyati qanday ishlashi va rivojlanganligini taqqoslaymiz va o‘zimizga: «Nima uchun bizda bunday emas?» va «Nima sababdan biz ham shunday qilolmaymiz?» deb savollarni beramiz. Adolat yuzasidan shuni ham ta’kidlash lozimki, taqqoslanayotgan mamlakatlar barcha sohalardagi taraqqiyotga sekin-asta, qadam-baqadam erishgan va biz buni to‘g‘ri tushunishimiz zarur.

Lekin agar asosiy omil — aholining o‘z davlatiga ishonchi bo‘lmasa, fundamental, yaxlit prinsiplarni e’tibordan chetda qoldirib, chet davlatlarning amaliyotini u yer-bu yeridan «cho‘qilab» qo‘llagan bilan kutilgan samaraga erishib bo‘lmaydi. Prezidentimizning: «Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak», deb qayta-qayta ta’kidlashi o‘zimiz ko‘p takrorlaydigan «buyuk kelajak"ka umid bilan qarash imkonini bermoqda.

Biroq odamlar yashab turgan uylar buzilayotgan, hokim fermerlarni kaltaklayotgan, YUNESKO himoyasidagi tarixiy binolar vayron qilinayotgan, biznes-ob’ektlar olib qo‘yilayotgan yoki tadbirkorning Xalq bankidan olingan ko‘p milliardlik kredit hisobiga qurilayotgan binosi buzib yuborilayotgan bo‘lsa, ishonch ham yo‘qoladi. Taassufki, bunday holatlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.

Bunday xatti-harakatlarning hammasi har qanday rivojlangan, boy va avvalo o‘z aholisi uchun, keyin esa investorlar uchun ham jozibador mamlakatning fundamental asosi — xususiy mulk huquqi kafolatlarini parokanda qiladi. Siz dunyodagi istalgan iqtisodchi, strateg, huquqshunos, maslahatchi yoki tadbirkorning qay biridan so‘ramang, ularning har biri xususiy mulk huquqini himoyalash rivojlanishning asosi ekanligini ta’kidlaydi. Shunday muhofaza yo‘q joyda rivojlanishni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Nima uchun ayrim mamlakatlar boy, boshqalari kambag‘al?

Rivojlanish sohasida jahondagi yetakchi iqtisodchilardan biri, nomi kichik sarlavha qilib olingan mashhur kitob hammuallifi bo‘lgan Daron Adjemogluning ta’kidlashicha, mamlakatlar inklyuziv iqtisodiy va siyosiy muassasalar, davlat va erkin bozor uyg‘unlashuvi sharofati bilan boyiydi. Bunda:

  • davlat jismoniy va yuridik shaxslarni investitsiyalar yo‘naltirishga, yangiliklarni joriy etishga rag‘batlantiradi va ayni paytda xususiy mulk huquqini kafolatlaydi;
  • davlat sifatli ta’lim va infratuzilmani taqdim etib, investitsiyalar va o‘sishni ta’minlaydi;
  • davlat uning fuqarolari tomonidan nazorat qilinadi, idoralar va qonunlar barcha uchun barobar ishlaydi.

Men Adjemogluning ta’lim, xususan oliy ta’lim to‘g‘risidagi xulosalarini tasdiqlovchi o‘z fikrlarimni ilgari ham bildirganman. Quyidagi grafik ta’lim bilan mamlakat boyligi orasidagi aloqadorlikni ko‘rsatadi.

Manba: Jahon banki ma’lumotlari, 2017−2018.

Grafikda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM bilan oliy ma’lumot olish imkoniyati orasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ko‘rish mumkin. Amalda 1,0ga teng bo‘lgan ijobiy bog‘liqlik qayd etilgan ushbu grafik ma’lumotli odamlar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakat ham shuncha boy bo‘lishidan dalolat beradi va aksincha.

Shunisi diqqatga sazovorki, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM hamda ma’lumotlar odamlar foizi ko‘rsatkichlariga qaraganda, O‘zbekiston hatto faol harbiy to‘qnashuvlar bo‘layotgan, aholisi fojiali ahvolga borib qolgan, odamlar ochdan o‘layotgan bir guruh mamlakatlar (Somali, Sudan, Serra Leone, Liviya, Gaiti, Zimbabve)dan ham biroz ortda qolayapti.

Agar byudjetda qo‘shimcha mablag‘lar yoki xorijiy investorlar paydo bo‘lsa, ularni ta’lim sohasi va tibbiyotga yo‘naltirilsa, yaxshi bo‘lardi. Bunday investitsiyalar qisqa davr ichida pul ko‘rinishida foyda keltirmaydi, biroq bu ikki soha mamlakatimizni rivojlantirish uchun eng ustuvor sohalar hisoblanadi. Axir biz mamlakatni qisqa muddatli maqsad va manfaatlar uchun emas, balki kelajak avlod uchun barpo etayapmiz. Shunday emasmi?

Shu holatda ikki yirik oliy ta’lim muassasasi — O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universitetini (qariyb 20 ming (!) talabani) hozirgi joyidan qayoqqadir shahar tashqarisiga ko‘chirish haqidagi taklif o‘ylantirib qo‘yadi. Idora vakilining (taklif kiritayotganda aqalli sabab-oqibat aloqadorligiga ham tayanmagan) «mantiqiy» fikricha, allaqanday «megapolislar qonuniyati"ga binoan universitetlar o‘rniga ko‘proq biznes-markazlar va savdo nuqtalari bo‘lishi kerak emish.

Ta’lim muassasalari xususidagi «buzamiz-ko‘chiramiz» degan safsatalar mantiqqa zid, va umid qilamanki, sog‘lom fikr ustun kelib, bu taklif amalga oshmay qoladi. Mamlakatga yanada ko‘proq oliy ta’lim muassasalari kerak. Hamma mintaqalarda ularning filiallari yoki yangi oliy ta’lim muassasalari ochilishi zarur. Shunda istisnosiz hamma ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Eng asosiysi, ta’lim keng qamrovli bo‘lishi kerak.

Toshkentdagi davlatga qarashli oliy ta’lim muassasalarida jinsiy muvozanatsizlik kattaligini kuzatish mumkin. Talabalar orasida yigitlarga nisbatan qizlarning soni ikki baravar kam.

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yigit va qizlar soni, 2018−2019 o‘quv yiliga oid ma’lumotlar. Manba: Oliy ta’lim vazirligi.

20 ming talaba tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalarini ko‘chirish/tugatish kabi qadamlar, agar «yetti o‘lchab bir kesilmasa», ta’lim olish imkoniyati bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtiradi, xolos. Odamlarni, oilalarni va oliy ta’lim muassasalarini ko‘chirishdan avval infratuzilmaga doir barcha shart-sharoit yaratilishi — kommunikatsiyalar, transport, maktablar, bolalar bog‘chalari, hiyobonlar, kasalxonalar, banklar, yotoqxonalar barpo etilishi darkor. Aks holda, buni shunchaki «ko‘chaga chiqarib tashlash», deb hisoblash mumkin.

Baxtli xalq

Kolumbiya universitetining professori, Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT maxsus maslahatchisi Djeffri Saks iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikka qarshi kurash masalalarini tadqiq etayotgan jahondagi eng taniqli iqtisodchilardan biridir.

Baxtiyorlik to‘g‘risida 2018 yilda jahon hamjamiyati oldida qilgan o‘z ma’ruzasida u muayyan mamlakatdagi odamlarning baxtliligi quyidagi asosiy shartlarga bog‘liqligi haqida aytgan:

  • iqtisodiy gullab-yashnash (jumladan, hamma uchun ish o‘rinlari mavjudligi);
  • fuqarolarning jismoniy va ruhiy salomatligi;
  • muhim hayotiy qarorlarni qabul qilishdagi erkinlik;
  • kuchli va jo‘shqin ijtimoiy ko‘mak;
  • ijtimoiy ishonch, shu jumladan biznes va davlatning halolligiga shubha qilmaslik.

Skandinaviya mamlakatlari dunyoda eng rivojlangan ta’lim va tibbiyotga ega, ayni paytda ular eng boy, baxtiyor va poraxo‘rlikdan yiroq mamlakatlar hisoblanadi. Bu mamlakatlardagi hokimiyat organlari boshqalarga nisbatan ko‘proq ijtimoiy ishonch qozongan.

Davlatga bo‘lgan ishonch darajasining yuqoriligi Skandinaviya mamlakatlarining aholisi davlat ularni barcha tahdidlardan muhofaza qiladi, deb hisoblashlarini bildiradi. Holbuki, boshqa, hatto rivojlangan va aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarda ham odamlar davlatdan yoki mahalliy ma’muriyatdan himoyaga muhtojliklarini e’tirof etadilar.

Muayyan mamlakatdagi odamlarning baxtli hayot sari tutgan yo‘li keng ijtimoiy integratsiyani taqozo etadi. Bu esa, iqtisodiy rivojlanish, yaxshi sog‘liq va kuchli ijtimoiy sarmoyadan jamiyatning barcha qatlamlari manfaatdor bo‘lishlarini bildiradi. Ijtimoiy integratsiyaga erishish uchun davlatlar masalan, xorijiy investorlar kabi benefitsiarlar guruhi manfaatlarini emas, balki uмuмxalq farovonligini ko‘zlab harakat qilishlari kerak.

Urbanizatsiya — bu betondan qurilgan baland binolarni, savdo va biznes markazlarini ko‘paytirish jarayoni emas. Urbanizatsiya jamiyat, odamlar, iqtisodiyot va turmush tarzi ravnaq topishida shaharning ahamiyati ortishini bildiradi. Shaharlar ijtimoiy integratsiyani ta’minlashi zarur. Shaharlar to‘g‘ri rejalashtirilishi va bu boradagi siyosat ulardagi turli irq, sinf va etnik guruhlarga mansub odamlar samarali hamjihatlikda, ijtimoiy qatlamni o‘zgartirish uchun katta imkoniyatlarga ega bo‘lib, yuksak darajadagi ishonch asosida yashashlariga olib kelishi lozim.

Ko‘p qavatli uylar

10 fevral kuni Garvard universitetida fanlararo konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya loyihalashtirish jarayoniga hamda bu jarayon bilan jamiyat, korxona, davlat va butun tizim faoliyati orasidagi aloqadorlik masalasiga bag‘ishlandi. Ushbu anjumanda iqtisodchilar, dizaynerlar, me’morlar, sotsiologlar, shaharlarni rejalash sohasi mutaxassislari va o‘z oldiga odamlar hayotini yaxshilashdek umumiy maqsadni qo‘ygan boshqa sohalarning professionallari jamlandilar.

Men anjumanda eshitgan birinchi ma’ruza ko‘p qavatli turar joylar bir oilaga mo‘ljallangan va kam qavatli uylarga nisbatan jamiyat va odamlar uchun, ularning baxtiyorlik darajasi va salomatligi uchun zararli ekanligi haqida bo‘ldi (quyidagi fotosuratga qarang).


Muallif olgan fotosurat.

Ushbu hol O‘zbekiston shaharlaridagi shov-shuvli qurilishlar to‘g‘risida chuqur o‘yga tolishga majbur qiladi. 2007 yilda e’lon qilingan «Ko‘p qavatli uylardagi hayot oqibatlari» maqolasida osmono‘par binolarning ularda yashovchilarga ta’siri yuzasidan olib borilgan 100ga yaqin tadqiqot sharhi berilgan. Bu tadqiqotlarda baland binolar odamlarning farovonligi va ruhiy salomatligini yaxshilashi yoki yomonlashtirishi masalasi tahlil qilingan.

Tadqiqotlar va sharhlarda osmono‘par binolar, umuman olganda, ularda yashovchilar uchun foydali emas, degan xulosa chiqarilgan. Aniqlanishicha, bunday binolar qo‘rquv, qoniqmaslik, ruhiy zarbalarga bardoshlilik kabi hissiyotlarga ta’sir ko‘rsatadi, xulq-atvorda muammolarni keltirib chiqarishi, ijtimoiy munosabatlarni yomonlashtirishi, o‘z joniga qasd qilish holatlarini ko‘paytirishi, bolalarda esa, rivojlanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan tashqari, baland binolar mavjud infratuzilma zo‘riqishiga, transport bilan bog‘liq muammolar o‘tkirlashuviga olib kelishi hamda shaharning me’moriy qiyofasiga zarar yetkazishi mumkin.


Muallif olgan fotosurat.

Anjumanda ta’kidlanishicha, kam qavatli binolarda yoki oilaviy uylarda yashayotgan odamlar qo‘shnilariga ko‘p qavatli uylardagiga nisbatan ikki barobar ko‘proq mamnuniyat bilan ko‘maklashadilar (yuqoridagi fotosuratga qarang).

Singapurda 1960−1976 yillar davrida ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlar soni 9%dan 51%ga ko‘tarildi. O‘sha davrning o‘zida butun aholi orasida baland imoratlardan o‘zini atayin pastga tashlab, hayot bilan vidolashuvchilar 4 baravar ko‘paydi. Ayni paytda boshqa tarzda o‘z joniga qasd qilish hollari kamaydi.

Ko‘p qavatli binolar aholisi, ayniqsa agar bular ijtimoiy turar joylar aholisi bo‘lsa, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar oldida ancha zaifdirlar. Psixologlar mazkur aloqadorlikni 1970 yillardan buyon tadqiq etib kelishayapti. Shunday tadqiqotlardan birining ko‘rsatishicha, ko‘p qavatli uylarda yashovchilarda ruhiy kasallik belgilari boshqalarga nisbatan ko‘proq paydo bo‘lar ekan.

Boshqa odamlar, qo‘shnilar va jamiyatga daxldorlik va aloqadorlik hissi inson salomatligi va baxtiyorligining muhim elementlari hisoblanadi. O‘z oilasi va do‘stlari bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan insonlar bu ne’matlardan maxrum kishilarga nisbatan o‘rtacha 15 yil ko‘proq yashaydilar. Ishonch darajasi yuqori bo‘lgan shaharlarda baxtiyorlik darajasi va YAIM o‘sishi ishonch darajasi past bo‘lgan shaharlardagiga nisbatan ancha yuksak bo‘lishi kuzatiladi. Shahar muhitida daraxtlarni saqlab qolish naqadar muhimligi haqida juda ko‘p yozilgan, lekin toki motorli arra ovozi tinmas ekan, biz shu mavzuga qayta-qayta to‘xtalaverishdan charchamaymiz.

Binolar qanchalik tez buzilib, yangilari naqadar tez qurilayotganligi tashvish uyg‘otmoqda. Shaharlarning yangi qiyofasini yaratish masalasi ko‘ndalang qo‘yilgan hamda odamlarning istagini va me’moriy qiyofani e’tiborga olmasdan qurilishlar qilish zarurati yuzaga kelgan bo‘lsa, u holda bo‘m-bo‘sh turgan yerda yangi shahar qurish osonroq bo‘lmasmidi?

Baxtimizga, mamlakatimiz hududi katta. Mavjud xususiy uy-joylarni buzib, shaharlarning ayni markaziy qismlarida ko‘p qavatli binolar qurish va sun’iy megapolislar barpo etish zarurati yo‘q. Gonkong, Singapur, Nyu-York Manxetteni, Tokio va Seul ko‘plab baland turar joylardan iborat megapolislarga atayin aylantirilmagan, balki yer maydonlari cheklangan bo‘lgani uchun shaharni to‘g‘ri rejalashtirish yo‘li bilan shunday qilingan.

Tarixda qurilish sohasidagi achchiq saboqlar yetarli: Jakartada ko‘p hollarda loyihalovchilar bilan shartnomalar har yili qayta ko‘rib chiqiladi, uzoq muddatli loyihalar amalda uchramaydi (xuddi Toshkentdagidek, shaharni uzoq muddatli rivojlantirish bosh rejasi yo‘q), Bakudagi tarixiy binolar buzilib, shahar ko‘ngilni xira qiladigan tusga kirgan, San-Pauluda shahar ma’murlari kambag‘al shaharliklarni chekka-chekkalarga ko‘chirgan. Rossiyadagi uy qurilishiga ulush qo‘shgan paychilar aldangan paytlar ham hali o‘tmishga aylangani yo‘q. Shularning barchasi bizda yuz berishini aslo istamasdik.

Qo‘ying-chi, agar urbanizatsiya uchun yer juda tanqis bo‘lib qolgan bo‘lsa, odamlarni, korxonalarni, mana endi eng yirik universitetlarni ham shahar tashqarisiga ko‘chirishdan oldin vazirliklar, ularning bo‘linmalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarining binolarini shahar chegarasidan tashqariga olib chiqish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rsak bo‘larmidi? Axir ana shu binolarning hammasi juda ko‘p joyni egallab turibdi, buning ustiga shaharlarimizning markaziy qismlarida joylashgan. Ko‘pchilik, jumladan yuqorida aytilgan davlat organi vakili vaj qilib ko‘rsatayotgan jahon amaliyoti ham davlat apparati va ma’muriyat binolari shaharning markaziy qismlaridan tashqariga olib chiqilayotganidan dalolat bermoqda.


Manba: https://vvm1955.livejournal.com/1707043.html.

Yarim asr muqaddam ham Toshkent shov-shuvli qurilishlarni boshdan kechirgan edi. Biroq, o‘sha payt bilan hozirgisining farqi shundaki, u vaqtda Toshkent qayta tiklanayotgan edi, hozir esa u o‘zining me’moriy qiyofasi, ko‘p asrlik tarixi, betakror madaniyati, ehtimol hatto unda yashaydigan odamlaridan ham mahrum bo‘lmoqda. Vaholanki, ajnabiy mehmonlar, sayyohlar ayni shularni deb mamlakatimizga kelishayotgan, ko‘rganlaridan samimiy hayratlanishayotgan edi.

Birinchi navbatda davolanishi kerak bo‘lgan kasallik

Iqtibos keltirilishi indeksi bo‘yicha jahondagi eng kuchli iqtisodchi Andrey Shleyfer korporativ boshqaruv, huquq va moliya, muomalaviy va institutsional iqtisodiyot sohalariga ixtisoslashgan. Mana uning eng ta’sirli tadqiqot ishidan parchalar:

«Mamlakatning sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalardagi eng qimmatli loyihalariga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan investitsiyalar infratuzilma (qurilish) singari loyihalarga potensial investitsiyalar bilan taqqoslaganda ancha kam. Chunki qurilish sohasida korrupsiya uchun imkoniyatlar ko‘proq».

«Korrupsiya, bundan tashqari, monopoliyalar saqlanib qolishiga, bozorda yangi ishtirokchilar paydo bo‘lishining oldi olinishiga olib keladi hamda innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qiladi. Shunisi diqqatga sazovorki, korrupsiya hech kimga bildirmasdan pora olib bo‘lmaydigan tovarlar importi taqiqlanishi va osongina pora olish mumkin bo‘lgan tovarlar importi rag‘batlantirilishiga ham olib keladi. Oqibatda, mamlakatda xarid qilish mumkin bo‘lgan tovarlar va xizmatlar turlari iste’molchilarning talabi yoki texnologik ehtiyojlar bilan emas, balki korrupsiya imkoniyatlari bilan belgilanadi».

Eng asosiy masala haqida

Qanday loyihalar biz uchun haqiqatan ham muhimligi, rivojlanish loyihalari qanday samara berishi, biz qaysi yo‘nalishda va qancha investitsiya jalb etayotganligimiz, odamlar o‘z davlatida qanchalik baxtiyorligi va boyligi haqida fikr yuritar ekanman, men davlat jamiyat oldida mas’ulligi va unga hisobot berishining real, soz ishlovchi mexanizmlari hammasidan muhimроқ, degan xulosaga keldim.

Biz shunday qilishimiz kerakki, biz uchun eng muhim hujjatning quyidagi ikki satri kundalik voqelikka aylansin:

«Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar».

Muallifning fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.