Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti manejida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati yakunlandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqaning so‘ngi kun dasturida erkaklar o‘rtasida og‘ir vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlab olindi. Kutilganidek, ko‘plab nufuzli musobaqalar g‘olibi va sovrindori bo‘lgan Akbar Jo‘rayev, Rustam Jangabayev kabi polvonlar o‘z vaznlarida tengsiz ekanliklarini isbotladi.

G‘olib bo‘lgan sportchilar va ularning qayd etgan natijalari bilan tanishing:

-81 kg:

1. Sarvarbek Zafarjonov (Toshkent viloyati) — 340 kg (151 kg +189 kg)

-89 kg:

1. Zaynobiddin Muhammadaminov (Namangan) — 338 kg (156 kg + 182 kg)

-96 kg:

1. Sunnat O‘sarov (Toshkent viloyati) — 367 kg (170 kg + 197 kg)

-102 kg:

1. Umar Shohnazarov (Surxondaryo viloyati) — 326 kg (146 kg + 180 kg)

-109 kg:

1. Akbar Jo‘rayev (Toshkent viloyati) — 398 kg (181 kg + 217 kg)

+109 kg:

1. Rustam Jangabayev (Qoraqalpog‘iston) — 440 kg (200 kg + 240 kg)

Musobaqa yakunida barcha vazn toifalarida sovrindor bo‘lgan sportchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan sportchilar terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olishdi. Aynan ular yil davomida bo‘lib o‘tadigan Osiyo va jahon chempionati kabi yirik musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.