1 apreldan Iqtisodiyot va sanoat, Madaniyat, Ichki ishlar vazirliklari va «O‘zavtosanoat» kompaniyasi xodimlari hukumat mobil aloqasi foydalanuvchilariga aylanishdi, deya xabar qildi UMS operatori.

Keyinchalik davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishda tizimdan foydalanishi majburiy bo‘lgan xodimlari ro‘yxatiga kiruvchi boshqa davlat xizmatchilari ham ushbu aloqa bilan bosqichma-bosqich ta’minlanadi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 13 dekabrdagi farmonida 1 apreldan davlat xizmatchilarining hukumat mobil aloqasidan foydalanishi majburiy etib belgilandi. Hukumat mobil aloqa tizimini joriy etish bilan prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi shug‘ullanadi, UMS esa hukumat aloqa operatori hisoblanadi.

Maxsus hukumat mobil aloqasi foydalanuvchilarning maxfiyligi, tezkorligi, xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ularga telefon ko‘ng‘iroqlari, yuborilayotgan va olinayotgan ma’lumotlarni himoyalovchi, abonentlarning shaxsiy ma’lumotlarini ochiqlanishidan saqlovchi yagona platformada xizmat ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, telekommunikatsiya xizmatlariga sarflanadigan budjet mablag‘larining tejalishini ta’minlanadi. Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hajmini inobatga olgan holda tizim bosqichma-bosqich joriy qilinadi.