7-apreldan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining O‘zbekiston shaharlaridan Istanbulga va ortga amalga oshiriluvchi reyslarini Otaturk nomidagi xalqaro aeroportdan Yangi aeroportga (İstanbul Yeni Havalimanı) o‘tkazadi, deya xabar qildi MAK matbuot xizmati.

Yangi aeroport Istanbulning Yevropa qismidan 35 km shimolda joylashgan. 7-apreldan Otaturk nomidagi aeroport yo‘lovchi reyslari uchun yopiladi.

Turkiya Aviatsion hukumati qaroriga muvofiq, 5−6-aprel kunlari Otaturk nomidagi aeroportga/dan amalga oshiriluvchi barcha xalqaro reyslar bekor qilinadi.

Shu munosabat bilan MAK 5-aprel kungi HY271/272, HY273/274, HY275/276 hamda 6 aprelga mo‘ljallangan HY271/272, HY273/274 reyslarini bekor qildi.

Ushbu reyslarga chipta rasmiylashtirilgan yo‘lovchilarga Uzbekistan Airways kompaniyasi aviachiptalar amal qilinuvchi muddatlar chegarasida jarima to‘lovlarisiz ular sotib olingan joylarda pulni qaytarib olish yoki uchish muddatini o‘zgartirish imkonini taqdim etadi.

Aviakompaniyasining eslatishicha, Istanbuldagi Yangi aeroportda jadval bo‘yicha uchish vaqtiga 1 soat, havo kemasi bortiga chiqish esa 20 daqiqa avval tugatiladi.