Poytaxtdagi «Bek to‘pi» savdo majmuasining sobiq direktori Shukrillaxon Ergashev 30 mart kuni IIV JIEBBga qarashli 1-son tergov hibsxonasida (sobiq «Toshturma») vafot etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

2018 yilning avgustida Bosh prokuratura iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun Toshkent Savdo, xizmat ko‘rsatish va xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish departamenti hamda «Bek to‘pi» va «O‘rikzor» bozorlari, «Chorsu» va «Chilonzor» buyum bozorlari, «Eski jo‘va», «Yunusobod» dehqon bozorlari va Sergeli avtobozori mutasaddi rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan edi.

Jumladan, sifatsiz mahsulotlarni sotib olish va ularning buzilishiga yo‘l qo‘yish orqali davlatga 27,7mlrd so‘mlik zarar yetkazish, bozorlar hududida pulli xizmatlarni ko‘rsatishdan tushgan 3 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘larni inkassatsiya qilmasdan o‘zlashtirish, savdo nuqtalarini sotishda tadbirkorlardan 2 dan 5 ming dollargacha miqdoridagi noqonuniy mukofot pullarini olish kabi jinoyatlarda ayblangan edi.

Ayblanuvchilar biri 57 yoshli Shukrillaxon Ergashev 6 fevraldan buyon hibsxonaning davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limida «Yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya-2, AG-2, qandli diabet kasalligi 2-darajasi» tashxisi bilan davolanayotgan bo‘lgan.

Shanba kuni u o‘tkir miokard infarkt, o‘tkir yurak qon tomir va o‘pka yetishmovchiligi tashxisi bilan vafot etgan, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Mahbusning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda ushbu holat bo‘yicha qamoqqa olinganlarni saqlash va jazoni ijro etish joylarida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat bo‘yicha Toshkent prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Shukrillaxon Ergashev tergov jarayonida davolandi, unga nisbatan tayinlangan ekspertiza uning tergovga jalb etilishi ehtimollari to‘g‘risida xulosa bergan, ehtiyot chorasini o‘zgartirishning qonuniy asoslari bo‘lmagan — 4 mlrd so‘mlik zarar qoplanmagan. Ayblanuvchining qarindoshlari va o‘zi ehtiyot chorasini o‘zgartirish yoki yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risida da’vo kiritmagan. Advokatlar va qarindoshlari bilan uchrashishga to‘siq bo‘lmagan», — deya ma’lum qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.

2018 yilning 12 noyabr kuni 1-sonli tergov hibsxonasining tibbiyot bo‘limida «Chilonzor buyum savdo majmuasi» kapital qurilish bo‘limining sobiq boshlig‘i Dilshod Abdullayev o‘zini osgan edi. U hibsga olingan boshqa bozor rahbarlari bilan birga jinoyat ishi ishtirokchilaridan biri edi.