Samarqand viloyatida yashovchi Kamolboy Sattorov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) ellik besh yoshida sudning kursisiga o‘tirishga majbur bo‘ldi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudining sudyasi Davron Nuraliyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Voqea 2018 yilning 24 iyun kuni ro‘y berdi. Ertalab Kamolboy do‘stlari bilan nahorgi oshga borib, spirtli ichimlik iste’mol qildi. Soat to‘qqiz yarimlarda Kamolboy mast holatda ukasi Zayniddinning hovlisiga bordi. Mahallada elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorlikni o‘rganish maqsadida majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimlari monitoring o‘tkazishayotgandi. Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi davlat inspektori G‘. Saimov Zayniddin Sattorovning ham hovlisiga keldi.

G‘. Saimovning monitoring maqsadidagi harakatlari Kamolboyga yoqmadi. U jahlini jilovlay olmay o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan G‘. Saimovni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlay boshladi.

Qo‘lidagi shaftolini davlat inspektorining yuziga qarata otdi. Bu ham yetmagandek, unga tashlanib, cho‘ntagini yirtib yubordi. Shu tariqa xizmat vazifasini bajarayotgan xodimning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan tahqirladi. Ertasi kuni kayfi tarqagan Kamolboy jabrlanuvchi G‘. Saimovdan uzr so‘radi.

Sud sudlanuvchi K. Sattorovni qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganligi, muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar, jinoyatni mast holatda sodir etganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topdi. K. Sattorovni Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Har oylik ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan unga ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.



,