Rustam (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam bosqinchilik jinoyatini sodir etganligi uchun 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazo muddatini o‘tab chiqqan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining sudyasi E.Hakimov O‘zAga ma’lumot berdi.

Rustamning sinfdosh o‘rtog‘i Ahror Qo‘qon shahar hokimligi Madaniyat bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelib, bunga qadar muqaddam uch marotaba jinoyat sodir etganligi uchun sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Rustam o‘zgalar mulkini firibgarlik va tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni o‘ziga maqsad qiladi.

U dastlab o‘zini go‘yoki «Davlat xavfsizlik xizmati» xodimi ekanligi haqidagi «311» raqamli soxta xizmat guvohnomasi tayyorlab, ushbu guvohnomaga Qo‘qon shahar hokimligining Madaniyat bo‘limi muhrini bosib oladi.

Shundan so‘ng, birin-ketin jinoiy rejalarini amalga oshirishga kirishadi. Rustamning birinchi «o‘lja"si Olimjonga tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishini aytadi. Natijada pora berishga dalolat qilib, Olimjonning 1.000.000 so‘m pul mablag‘ini qo‘lga kiritadi.

Bu ham yetmaganidek, Rustam hamtovog‘i Ahror bilan oldindan til biriktirib, Olimjonga soxta xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, o‘zini DXX xodimi ekanini aytadi. Shu tariqa Olimjonga yuk avtomashinasi va zamonaviy uylardan birini olib berishini aytib, uning 700 AQSH dollari miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritadi.

Rustam va Ahrorlarning keyingi «o‘lja"si Yaypan shahridagi bozorda sut mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanuvchi Islomjon bo‘ladi. Islomjonga ham o‘zini DXXda yuqori mansablarda ishlovchi xodim ekanini aytib, yuk avtomashinasi va uy olib berishini aytib, aldab, uning 11750000 so‘m pullarini qo‘lga kiritadi.

Shundan so‘ng, Rustam va Ahror Namangan shahrida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Ixtiyor bilan ko‘rishib, unga ham o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, Ixtiyorning rahbarligidagi «Surur teks» MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotishga va Qo‘qon shahridan bino ajratib berishga hamda MCHJ balansiga «Jentra» rusumli avtomashina olib berishini aytib, aldab, uning jami 17 980897 so‘m pullarini qo‘lga kiritadi.

Rustam DXX rahbari nomidan Ixtiyorning tadbirkorligi uchun 10.000.000 so‘m pul mablag‘i ajratilganligi to‘g‘risida soxta sertifikat tayyorlab, ushbu sertifikatni Ixtiyorning farzandlari to‘yi marosimida ko‘pchilikning oldida unga taqdim qiladi.

Shundan so‘ng Rustam, Ahror va Ziyod Rishton tumani markazida joylashgan «Makro» savdo markaziga kelib, u yerdagi Farhod ismli sotuvchi yigitdan 100 AQSH dollarini o‘zbek so‘miga almashtirib berishini iltimos qilib, u 100 AQSH dollari evaziga o‘zbek so‘mi berayotgan vaqtda, unga o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, go‘yoki «tadbir» bo‘lganligini aytib, jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitadi va Farhodning 1 080000 so‘m pulini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishadi.

Ushbu jinoyatlari xamirdan qil sug‘urgandek bitganidan xursand bo‘lgan «qahramon"larning navbatdagi «qurboni» Beshariq tumanida yashovchi Akbarjon bo‘ladi. Unga ham 100 AQSH dollarini o‘zbek so‘miga almashtirib berishini iltimos qilib, Akbarjon 100 AQSH dollarini qo‘liga olishi bilanoq, unga nisbatan tadbir o‘tkazilganini aytishib, soxta guvohnomasini ko‘rsatib, tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilgan.

Shunda ham nafsi to‘ymagan Rustam Qo‘qon shahridagi kafelardan birining ish boshqaruvchisi Ulug‘bek bilan ko‘rishib, o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, 5 000000 so‘m evaziga foydalanilmasdan kelinayotgan savdo do‘konini Qo‘qon shahar hokimligida ishlovchi tanishlari orqali uni nomiga hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytadi va pora berishga dalolat qiladi. Rustam undan 2 000000 so‘m pullarni olgan vaqtda Qo‘qon shahar IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi va Rustamga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, jinoiy harakatlariga shu yerda nuqta qo‘yiladi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonida sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglandi.

Sudda jabrlanuvchilardan biri Farhodning akasi Shukurjon ukasiga nisbatan uyushtirilgan «tadbir"dan chuqur tushkunlikka tushib, hatto o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgani bayon qilindi.

Sud hukmi bilan Rustamga 6 yil 9 oy muddatga, Ahrorga 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Ziyodga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.

Sudlanuvchi Rustam va Ahrordan jabrlanuvchi Ixtiyor foydasiga 18 591683 so‘m, Islomjon foydasiga 12 001147 so‘m va Olimjon foydasiga 5 881071 so‘m moddiy zararni solidar tartibda undirish belgilandi.

Hozirda Rustamning yana bir kirdikori oshkor bo‘lib, ushbu jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda.