1−3 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat», «O‘zbekiston ipagi» uyushmalari va Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbarlaridan iborat hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Bryusselda bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra majburiy mehnatga barham berish masalalariga mas’ul O‘zbekiston hukumati vakillari Bryussel shahrida «O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qanday barham bermoqda» mavzusidagi munozara forumida ishtirok etadi.

Mazkur tadbir Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, O‘zbekiston, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shveysariya Elchixonalari tomonidan tashkillashtirilmoqda.

Forum ishida Yevropa komissiyasi, xalqaro nohukumat tashkilotlar vakillari, mehnat va huquqni himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi nohukumat tashkilotlar, paxta ishlab chiqarishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi bo‘lgan kompaniyalar ishtirok etadi.

Tashrif dasturidan Yevropa Ittifoqi, Belgiya Qirolligi, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, Yevropaning yirik ishlab chiqaruvchilari, riteylerlari va kasaba uyushmalari birlashmalari hamda yetakchi Yevropa brendlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

Hukumat delegatsiyasi Kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi bosh kotibi Sharan Barrou, «Human Rights Watch» xalqaro nohukumat tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar vakillari bilan ham muzokaralar olib boradi.