1 apreldan Gruziyada bir martalik yelim xaltalarni ishlab chiqarish, import qilish va sotish taqiqlandi. Ular o‘rnini biologik parchalanish va degradatsiyaga uchrovchi xaltalar egallaydi, deya xabar qildi Agenda nashri.

Plastik xaltalarni ishlab chiqarish yoki import qilish qoidalarini buzganlik uchun birinchi marta 500 lari (185 dollar), huquqbuzarlik takror sodir etilganida esa 1000 lari (371 dollarga yaqin) miqdorida jarimaga tortish belgilandi.

Gruziya Qishloq xo‘jaligi vazirligining qayd etishicha, 2014 yilda mamlakatning har bir fuqarosiga yiliga o‘rtacha 525 ta foydalanilgan plastik xalta to‘g‘ri kelgan, ayni vaqtda, masalan Irlandiyada bu ko‘rsatkich 14 ta, Daniya va Finlyandiyada — 4 tani tashkil etgan.

Gruziya 2018 yildan bosqichma-bosqich yelim xaltalardan voz kechishni boshladi. O‘shanda mamlakatda qalinligi 15 mikrondan kam bo‘lmagan polietilen paketlarni ishlab chiqarish va sotish, xaridorlarga sotish yoki bepul tarqatish taqiqlandi.

Avvalroq Yevroparlament 2021 yildan Yevroittifoq hududida bir martalik idishlarni ishlab chiqarish va sotishni taqiqlagan edi. Jumladan, plastik oshxona anjomlari, quloq tozalovchi taxtachalar va ichimliklar uchun naychalar taqiqlandi. Nam salfetkalar, gigiyenik vositalar, tamaki filtrlari plastikdan tayyorlangan bo‘lsa, ular qadoqlari markalanishi lozim.