Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda narkotik oldi-sotdisiga chek qo‘ydilar. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida Andijon viloyati Asaka tumanida harakatlanib borayotgan fuqaro T.Z. boshqaruvidagi «Spark» avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina haydovchisining cho‘ntagidan 2 bo‘lak o‘tkir hidli, 1,5 gramm «gashish» giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda borligi aniqlandi.

Shuningdek, fuqaro A.B.ning ham g‘ayriqonuniy tarzda tuzgan rejasi chippakka chiqdi. Ya’ni uning shartli xaridorga 600 ming so‘m evaziga 6 dona yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan 1,45 gramm «gashish» giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddani sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro A.B.ning ko‘rsatmasiga binoan fuqaro Q.D. ham tezkor kuzatuvga olindi. Natijada, xolislar ishtirokida tekshirilgan fuqaro Q.D.ning yonidan 13 dona yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan og‘irligi 4 grammdan ortiq «gashish» giyohvandlik moddalariga o‘xshash modda borligi aniqlandi.

Shuningdek, fuqaro X.I.ning avtomashinasi tezkor kuzatuvga olinib, xolislar ishtirokda nazoratdan o‘tkazildi. Natijada, avtomashina o‘rindig‘i ostidan 11 dona yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan 3,95 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida narkokurerlardan jami 10,96 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.