Mo‘ynoq tumani Tikuzak qishlog‘ida joylashgan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining Mo‘ynoq tajriba uchastkasida 4 mingdan ortiq sumak, yasin, qayrag‘och va xitoy toli, tol, listrum, kanada teragi, ko‘k terak kabi ekinlar ekilmoqda, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bugungi kunda markazga ajratilgan 20,3 gektar maydonning 9 gektardan ortiq qismi o‘zlashtirilib, 3 gektariga turli ekinlar ekildi. Shuningdek, atrof maydonlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Innovatsion rivojlanish vazirligining Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uchastka faoliyati moliyalashtirilmoqda. Jumladan, jamg‘arma hisobidan zarur texnika vositalari sotib olindi, suv keltirilib, tajriba maydoni sifatida cho‘l o‘simliklari genofondini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Xabarda qayd etilishicha, innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov boshchiligida vazirlik xodimlari Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi binosi qurilishi hamda tajriba uchastkasi faoliyati bilan tanishdi. Vazirlik xodimlari tomonidan Mo‘ynoq uchastkasiga 50 tupdan ortiq sumak daraxtlari ko‘chatlari ekildi.

Tashrif davomida Toshkent davlat Agrar universitetining Nukus filialida Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamda Agrar universitetining Nukus filiali professor va olimlari ishtirokida «Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» Konsepsiya doirasida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati davomida olimlar va mutaxassislar Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi bo‘yicha ishlab chiqilayotgan Konsepsiya loyihasi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Tadbir yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar doirasida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi qoshida Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish masalasini o‘rganib chiqish va «Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» Konsepsiyasiga qo‘shimchalar kiritish yuzasidan kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining 6 nafar yosh mutaxassisi ilmiy tajriba o‘tash uchun 1,5 oy muddatga Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining (ICBA) Dubaydagi idorasiga yuborilgan. Mutaxassislar safar davomida agrobiznes uchun muvaffaqiyatli inkubatorlarni tashkil qilish, suv va tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv-amaliyot kurslarini o‘taydi.