O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar agentligida “Nashriyotlar faoliyati: bugungi kitobxon ehtiyojini qondirishning dolzarb masalalari” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

“2018-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 155 ta nashriyotga litsenziya berilgan, — dedi Nashriyot-matbaa sohasini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Muhiddin Omonov. — Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz (avvalgi Monitoring markazi) va uning mintaqaviy bo‘limlariga 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasida chop etilgan 2322 ta kitobning majburiy nusxalari taqdim etilgan. Mazkur kitoblar monitoringi natijasida yil davomida 351 ta qonunbuzilish holati aniqlangan”.

Kitoblarda:

haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatish (“Surxon-nashr”, “Xorazm”, “Quvonchbek-Mashhura” va boshqa nashriyotlar);

yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy talablariga rioya qilmaslik (“Ijod press”, “Yurist media markazi”, “Zarafshon” va boshqa nashriyotlar);

imloviy-uslubiy xatolarga e’tiborsizlik (“Yangi asr avlodi”, “Noshirlik yog‘dusi”, G‘afur G‘ulom nomidagi va boshqa nashriyotlar);

diniy adabiyotlarni bosmadan chiqarishda sifatdan ko‘ra, sonni ustun qo‘yish (Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi) tendensiyasi saqlanib qolayotgani ma’lum qilindi.

2018-yilda nashriyotlar tomonidan eng ko‘p e’tibor qaratilgan mualliflar o‘nligi:

1. O‘tkir Hoshimov,

2. Abdulla Qodiriy,

3. G‘afur G‘ulom,

4. Azamat Qorjovov,

5. Cho‘lpon,

6. Oybek,

7. Tohir Malik,

8. Nurali Qobul,

9. Nabijon Hoshimov,

10. Xudoyberdi To‘xtaboyev.

Agentlik bosh mutaxassisi Muhiddin Omonovning aytishicha, 2018-yilda nazorat nusxalari taqdim etilgan kitoblarning 48 foizini badiiy adabiyotlar tashkil etadi, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma mahsulotlar ko‘lami esa 4 foizga ham yetmaydi.

Seminarda milliy kitob bozorida bir necha martalab qayta nashr etilayotgan yoki bir nashriyotning mulki bo‘la turib, boshqa nashriyot tomonidan huquqiy vorislikka rioya qilinmay chop qilinayotgan asarlar uchrayotgani qayd etildi.

Agentik mutasaddilari bunday kitoblar tarjima asarlar sotilib ketishiga qarab qayta-qayta chiqarilaverishini bildirdi. Hech kim kitobxon ehtiyojini yangi zamon ruhi bilan sug‘orilgan original kitoblar yaratish yo‘li bilan qondirish ustida bosh qotirmaydi.

“Daromad bo‘lsa bas, qolgani bilan nashriyotlarning bosh og‘ritgisi kelmaydi, — dedi Muhiddin Omonov. — Bu o‘ta jiddiy muammo avvalo kitobxonning zamon ruhi, o‘tish davriga xos insoniy munosabatlar, kishilar taqdirini ifodalovchi, qolaversa, milliy qahramon obrazi yaratilgan yuksak saviyali badiiy asarlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan bog‘liq”.

Bu borada:

noshirlar bilan ijodkorlar o‘rtasida hamkorlikning yetishmasligi;

nashriyotlarning yozuvchi va shoirlar bilan shartnoma asosida buyurtma asarlar yaratilishiga turtki berilmayotgani qoralandi.

Hududiy nashriyotlar tomonidan yosh havaskor-ijodkorlarning mashqlarini ota-onalar homiyligida 100 nusxadan nashr etilayotgani tanqid qilindi.

“Bu tashvishli hol, — dedi Muhiddin Omonov. — Bu holat bolalarimizning tarbiyasi, o‘z ustida ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”.

Noshirlik faoliyatida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va sohani takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflar bildirildi:

yangi tahrirdagi “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Resprublikasi Qonuni qabul qilinishini tezlatish;

nashriyotlarning agentlik bilan tuzilgan litsenziya bitimiga rioya etishlarini qat’iy nazorat qilib borish;

nashriyot mutaxassislari, ayniqsa, muharrirlarining malakasini oshirish choralarini ko‘rish.