Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Guliston mahallasida yangi usti yopiq suv inshooti, basketbol maydonchasi, sun’iy qoplamali futbol maydoni hamda tennis korti foydalanishga topshirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barpo etilgan ob’ektning ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.

Mazkur sport inshootlarini qurish uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 6,8 milliard so‘m ajratildi. Usti yopiq suv inshooti tarkibida 11×25 metr o‘lchamdagi basseyn, murabbiylar, shug‘ullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya hamda tomoshabinlar uchun o‘rindiqlar mavjud.

Bundan tashqari, mavjud tennis korti kapital rekonstruksiya qilinib, 22×42 hajmli mini-futbol maydoni va basketbol maydonchasi yangidan qurib foydalanishga topshirildi. Bu yerda ham yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari mavjud.

Sport majmuasi atrofi obodonlashtirilib, musiqali favvora ham bunyod etildi.

Kitob tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan mazkur inshootda bir kunda 500 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz suzish, futbol va basketbol sirlarini o‘rganishi uchun sharoitlar yaratilgan. E’tiborlisi, bolalar va o‘smirlar sport maktabiga jamg‘arma tomonidan 45 nomdagi 400 million so‘mlik jihozlar ham topshirildi.