Mart oyida tovar va xizmatlar iste’mol narxlari o‘rtacha 1,2 foizga o‘sdi, deyiladi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida.

Bir oy ichida tovarlar narxi 1,2 foizga o‘sdi. Jumladan, oziq-ovqat tovarlari o‘rtacha 1,5 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari — 0,8 foizga qimmatlashdi. Solishtirish uchun: 2018 yil martida oziq-ovqatlar narxi 1,3 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari — 1,1 foiz, xizmatlar — 0,5 foizga oshgan edi.

2018 yil oxiriga nisbatan oziq-ovqatlar o‘rtacha 6,4 foizga, bir yil ichida esa (2018 yil martidan 2019 yil martigacha) 15,3 foizga qimmatlashgan.

Statistika qo‘mitasining qayd etishicha, 2019 yil birinchi choragida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 2018 yil dekabriga nisbatan o‘sgan bo‘lsa ham, har bir oy ichidagi narxlar o‘zgarishida yangi narx o‘sishiga nisbatan qimmatlashish sur’atlari pasaytgan. Agar yanvardan oziq-ovqat tovarlari baholari o‘rtacha 2,8 foizga oshgan bo‘lsa, fevralda 2 foiz, martda 1,5 foizga tushgan.

Mart oyida oziq-ovqat tovarlari ichida eng ko‘p meva-sabzavot va sut mahsulotlari narxi qimmatlashgan (mos ravishda 4,5 foiz va 1,5 foiz). Tuxum ikki oydan buyon ketma-ket arzonlashmoqda (fevralda — 0,2 foiz, martda — 1,2 foizga).

Yil boshidan buyon meva-sabzavot mahsulotlari o‘rtacha 17,7 foizga, jumladan, mevalar — 21,9 foizga, sabzavotlar — 20,5 foizga, kartoshka — 1,3 foizga qimmatlashgan. Sut mahsulotlari narxi 8,1 foiz, umumiy ovqatlanish esa 8 foizga oshgan.

Poliz va sabzavot mahsulotlari orasida karam (15,7 foiz), tarvuz (11,1 foiz), qovun (12,7 foiz), pomidor (10,4 foiz), uzum (9,4 foiz), sabzi (7,2 foiz) va piyoz (6,2 foiz) sezilarli darajada qimmat bo‘lgan.

Yilning birinchi choragida nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 2,8 foizga o‘sdi. 2018 yilning mart oyiga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi 10,4 foizni tashkil etdi. Bir oy ichida eng ko‘p shaxsiy gigiyena vositalari (2,1 foiz), kiyim-kechak (1,7 foiz) va oyoq kiyimlari (1,3 foiz) qimmatlashdi. Avtomobil yoqilg‘ilari narxi esa aksincha, 0,3 foizga tushdi. Jumladan, propan — 1,5 foiz, metan — 0,3 foizga arzonlashdi.

Yanvar-mart oylarida kitob, gazeta va jurnallar (17 foiz), aloqa vositalari (10,1 foiz), yuvish va tozalash vositalari (8,9 foiz), asosiy maishiy tovarlar va elektr uskunalari (6,4 foiz), oshxona jihozlari (3,3 foiz), mebel (2,9 foiz) narxida ham salmoqli o‘sish kuzatildi.

Aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatish tariflari esa 2018 yil dekabriga nisbatan o‘rtacha 2,5 foizga, o‘tgan yilning martiga nisbatan esa 15,7 foizga o‘sgan. Jumladan, yil boshidan buyon maishiy xarakterdagi xizmatlar narxi fevralda eng ko‘p o‘sdi (3,5 foiz), yo‘lovchi transport — yanvarda (0,9 foiz), aloqa, madaniyat va ta’lim muassasalari — martda (3,9 foiz, 3,2 foiz va 6,2 foiz), dam olish xizmatlari — yanvarda (4,2 foiz), tibbiyot — fevralda (1,1 foiz) qimmatlashdi.

Mart oyida eng ko‘p ta’lim (6,2 foiz), aloqa (3,9 foiz) va madaniyat muassasalari (3,2 foiz) xizmatlari narxlarida o‘sish kuzatildi.

2018 yil 1 noyabrida eng kam ish haqi miqdori o‘sgani munosabati bilan 2019 yil 1 martidan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov miqdori 10 foizga o‘sdi va bu birinchi chorakda inflyatsiyaning 0,11 foizga oshishiga olib keldi.

Aloqa xizmatlarining qimmatlashishiga «O‘zbektelekom» kompaniyasining shahar telefon aloqasi uchun abonent to‘lovlarini 3000 so‘mdan 5800 so‘mga (1,9 barobarga) oshirgani sabab bo‘ldi.

Mart oyida boshqa xizmat turlaridan Toshkent hayvonot bog‘i chiptalari narxi eng ko‘p — o‘rtacha 56,3 foizga qimmatlashdi. Bir oy ichida sanatoriya va dam olish uylarida hordiq chiqarish 1,5 foizga, mehmonxonalarda yashash — 1,4 foizga, turistik xizmatlar — 0,6 foizga o‘sdi. Yanvar-mart oylarida mehmonxonalarda yashash 6,1 foizga, sanatoriya va dam olish uylarida bo‘lish — 9,4 foiz va turistik xizmatlar — 5,1 foizga qimmatlashdi.

2018 yil martidan 2019 yil martiga qadar eng ko‘p turar joy-kommunal (25,3 foiz) va ta’lim xizmatlari (23,1 foiz) narxlari o‘sdi.