O‘zbekistonda inson dezoksiribonuklein kislotalari tarkibiy qismlari to‘g‘risidagi kodlashtirilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan genom ma’lumotlari milliy bazasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan genom ma’lumotlarini davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi qonun loyihasida so‘z boradi. Hujjat Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlandi.

Qonundan ko‘zlangan maqsad genom ma’lumotlarini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni boshqarishdan iborat.

Hujjatda qayd etilishicha, genom ma’lumotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish inson hayoti va salomatligiga xavf tug‘dirmasligi, uning sha’ni va qadr-qimmatini yerga urmasligi lozim.

Qonun loyihasiga muvofiq, quyidagi shaxslarning genom ma’lumotlari majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi:

  • og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar, shuningdek barcha toifadagi jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etgan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
  • tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov, tergov harakatlari va sudda ishni ko‘rish jarayonida olingan namunalar;
  • bedarak yo‘qolgan shaxslarning biologik qarindoshlari (voyaga yetmaganlardan tashqari);
  • harbiy xizmatga chaqiriluvchilar, ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura organlarida xizmat o‘tayotganlar va kasbi hayot uchun xavfli bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari (bunday kasblar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan shakllantiriladi);
  • shaxsi aniqlanmagan jasadlar (tana qismlari).

Genom ma’lumotlarini ko‘ngilli ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yozma ariza bo‘yicha pulli asosda amalga oshiriladi.

Genom ma’lumotlaridan quyidagi maqsadlarda foydalanish rejalashtirilmoqda:

  • jinoyatlardan ogohlantirish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek ularni sodir etgan shaxslarni aniqlashda;
  • bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishda;
  • shaxsi aniqlanmagan jasadlar shaxsini aniqlashda;
  • qarindoshlik munosabatlarini aniqlashda.

Genom ma’lumotlari foydalanish qat’iy chegaralangan hamda himoyasi davlat tomonidan kafolatlangan shaxsiy ma’lumotlar hisoblanadi, deyiladi hujjat loyihasida.

Loyiha muhokamasi 13 aprelga qadar davom etadi. Uni 2023 yildan keyin amaliyotga joriy etish rejalashtirilmoqda.