«O‘zbekneftgaz» AJda kompaniya rahbariyati va «VTB Capital» (Rossiya Federatsiyasi) investitsiya banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar dunyoning qator yirik investitsiya fondlarining portfel menejerlarini O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish davomida xorijiy tomonga «O‘zbekneftgaz» AJ dunyoning etakchi reyting agentliklaridan xalqaro korporativ reytingni olish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli tayorgarlik haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Xorijiy tomonga O‘zbekistonning neft-gaz sohasiga investitsiya afzalliklari va shartlari haqida ma’lumotlar berildi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq yo‘nalishlari haqida aytib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, VTB Capital reytinglarda yetakchi o‘rinni egallab, xalqaro kapital bozorlarida faol ishlamoqda. Investitsiya banki qarz va kapital bozorlarida 830 dan ortiq bitimlarga qatnashdi va bu Rossiya va MDH mamlakatlari iqtisodiyotiga 290 milliard dollardan ortiq mablag‘ni jalb qilish imkonini berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish va muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Yaqin kelajakda bu xorijiy sarmoyadorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga va O‘zbekiston neft va gaz sanoatiga bozor moliyalashtirilishiga imkoniyatlarni kengaytirishga yordam beradi.