O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Jenevada o‘tkazilgan Yevropa iqtisodiy komissiyasining barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Forum doirasida Orol dengizi mintaqasi hududidagi iqlim muammosi, shuningdek, Orolbo‘yi hududi uchun moliyaviy va texnik ko‘mak resurslarini BMT shafeligidagi Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondiga (KTSHTF) jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Bryusselda bo‘lib, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili P.Burian, shuningdek, Yevropa tashqi ishlar xizmati, Yevropa investitsiya banki hamda Belgiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, xususan, Belgiya Qirolligi Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston — BMT hamkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini kamaytirishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirgan.

Yevropa Ittifoqining hamkorlik doirasidagi ilk delegatsiyasi aprel oyida tashkilotga a’zo davlatlarga ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari to‘g‘risida tavsiyalar tayyorlash uchun Orolbo‘yi hududida o‘rganishlar olib boradi.