Rossiyaning «Yandeks» xizmati O‘zbekiston uchun maxsus qidiruvni yo‘lga qo‘ydi — endilikda foydalanuvchilar ham butun internet, ham Tas-ix saytlari bo‘yicha ma’lumotlar, surat va videolarni qidirishlari mumkin, deya xabar berdi kompaniya vakili 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Butun internet bo‘yicha qidiruv natijalarida Tas-ix saytlari «T» belgisi bilan ajratib ko‘rsatiladi. «Yandeks» jami 2500 dan ortiq Tas-ix saytlarini taniydi.

Javoblarni qidirishda resurs sifati, sahifalarni yuklash tezligi va foydalanuvchi afzal bilan jihatlar hisobga olinadi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tashkilotlarni qidirish ommalashgan. Shu bois «Yandeks» bir necha o‘n ming kompaniya haqidagi ma’lumotlarni kiritdi. Foydalanuvchi kerakli muassasani qidirganida, unga boshqalarning baho va izohlari, ish soatlari ham taqdim etiladi.

Foydalanuvchi vaqtini tejash va unga qulaylik yaratish maqsadida oldindan qidiruv yo‘l-yo‘riqlari (podskazka) ko‘rsatiladi. Masalan, «vaqt» so‘rovi bo‘yicha javobni qidiruv bo‘lmachasining o‘zidayoq ko‘rish mumkin, mobil talqinda yo‘l-yo‘riqlar kul rang tugmachalar shaklida belgilanadi.

Avvalroq «Yandeks» O‘zbekiston uchun bir nechta ommaviy ilova va xizmatlarni mahalliylashtirgan edi. Jumladan, mart o‘rtalarida Toshkentda «Yandeks Metro», yanvarda — «Yandeks Tirbandliklar», 2018 yilda — «Yandeks Mahalla» va «Yandeks Musiqa» xizmatlari, shuningdek «Yandeks Navigator» ilovasi ishga tushirildi. O‘tgan yilning aprelida ishga tushirilgan «Yandeks Taksi» xizmati keng ommalashdi.