Professional boksning yarim o‘rta (-66.68kg) vazn toifasida jang qiladigan o‘zbekistonlik sportchi Qudratillo Abduqahhorov (16−0, 9 KO) IBF kamariga eng asosiy da’vogar bo‘lish uchun yaponiyalik Keita Obaraga (20−4−1, 18 KO) qarshi jang o‘tkazdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

12 raundga mo‘ljallangan mazkur bahs AQSHning Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tdi. To‘liq davom etgan jangda hakamlarning barchasi bir ovozdan hamyurtimizning g‘alabasini tasdiqladilar (115−113, 118−110, 117−111).

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu g‘alabadan keyin Abduqahhorov IBF reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va kamar sohibi bilan jang qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mutaxassislar fikricha, mazkur jang majburiy statusga ega bo‘lib, yaqin oylar ichida yurtdoshimiz yarim o‘rta vaznning IBF kamari uchun ringga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, IBF kamarining amaldagi chempioni AQSH vakili Errol Spens (25−0, 21 KO) sanaladi. Shuningdek, Qudratillo WBC yo‘nalishi reytingining uchinchi pog‘onasida turibdi.