2019 yil 30 mart kuni taxminan soat 14:00 da Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu kuni taxminan soat 13:55 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 3a-uy, 6-xonadon oshxonasidan ushbu manzilda yashagan O.K.ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Sud tibbiyot ekspertizasining 2019 yil 30 martdagi dastlabki xulosasiga ko‘ra, O.K.ning o‘limi «o‘ng bo‘yin sohasida sanchib-kesilgan jarohati» natijasida kelib chiqqanligi aniqlangan.

Voqea joyiga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari I.Narimov, tuman prokurori T.Normuhamedov, Toshkent shahar IIBB va tuman IIO FMB rahbariyati hamda tergov-tezkor guruhi chiqishgan.

Hodisa joyidan ashyoviy dalil tariqasida qonga o‘xshash dog‘lardan namunalar, jabrlanuvchining egnida bo‘lgan kiyim-kechaklari va barmoq izlari olingan.

Jabrlanuvchiga oid ma’lumotlar:

O.K. 1952 yil 23 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, millati rus, ma’lumoti oliy, oilasiz, pensioner, vaqtincha ishsiz, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 3a-uy, 6-xonadonda yashagan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 30 martda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.