Agar Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportda o‘z xizmatlarini xiralik bilan taklif qilayotgan taksichilardan o‘ttiz kishilik vzvod tashkil etilsa, mamlakat xavfsizligini ta’minlash masalasida anchagina mablag‘ tejash mumkin. Ularga davlat chegarasini qo‘riqlashni topshiring. Ularning yonidan biror kimsa o‘tib ketolmaydi. Ularga hech kim bas kelolmaydi. Ularga hech kimning so‘zi o‘tmaydi.

Ular — yengilmas. Ular — Dunkan Maklaud kabi umrboqiy. Ehtimol, ular bolaligida sehrli damlama to‘la qozonga tushib ketishgandir… Yoxud ularga Zevs homiylik qilarmikan?.. Zero, ularning hanuz borligini men boshqacha izohlay olmayman. Nazarimda, taksichilarning aeroportdagi bu yog‘ligina joyni tark etishlaridan ko‘ra, qadimiy Tetis ummoni yana Qizilqumni to‘ldirishi osonroq shekilli.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 22 fevraldayoq aeroportda tartib o‘rnatib, taksichilar masalasini hal qilishni topshirgan edi. O‘shandan buyon bir yildan ziyod vaqt o‘tdi. Hech nima o‘zgarmadi. Uchib kelgan sayyohlar chiqadigan yangi bino ochildi. Taksichilar esa barmoqlarida kalitlarini aylantirib o‘ynagancha, shahdam qadamlar bilan o‘sha yoqqa ko‘chib o‘tishdi.

Mamlakat haqidagi dastlabki tasavvur

O‘zbekistonni dunyoga tanitish uchun ko‘plab kuch, vaqt va mablag‘ sarflash, millionlab dollar ajratish mumkin. Lekin bularning barchasi behuda. Chunki, bugungi kunda mamlakat obro‘si, bu — Toshkent aeroportidan chiqayotgan sayyohlar ko‘radigan taksichilar. Ular uchun mana shuning o‘zi O‘zbekistonning qiyofasi. Zero ular O‘zbekiston zaminida sayyohlar birinchi bo‘lib duch keladigan va muloqotga kirishadigan dastlabki odamlardir.

Qanday muloqot, deysizmi? Aniqrog‘i, sayyohlarni boplab laqillatishadi. «Taksi, taksi, akaxon», deb g‘o‘ng‘illab turib, odamning pinjiga kirishadi, keyin mashina oldiga olib borishadi, so‘ng esa shahar markazigacha 55 dollar evaziga yetkazib qo‘yishadi. Yoki xalqaro terminaldan mahalliysigacha olib borib qo‘yib, 50 yevroni qurtday sanab olishadi. Yaqinda yaponiyalik sayyohlar bilan shunday voqea yuz berganini eshitgandim.

Video 2019 yil 14 mart kuni Toshkentdagi Islom Karimov nomli xalqaro aeroport terminalidan chiqish joyida olingan.

Siz bu videoda ko‘rayotgan taksichilar O‘zbekiston iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazishyapti. «Puliga kuyib» aldangan har bir sayyoh yana yuzta sayyohdan mahrum bo‘lganimizni bildiradi. Binobarin, ahmoq qilingan mehmon blogda aeroportdagi «mehmondo‘stlik» haqida yozganidan keyin o‘sha yuz kishi ham mamlakatimizga kelish fikridan qaytadi. Kelgan mehmon esa albatta yozadi. Demak, taksichi yigitlarning surbetligi, odobsizligi va firibgarligi 2019 yilda ham davom etishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Eng kulgilisi shundaki, ular atigi 20−30 kishi. Lekin nimagadir bizning butun davlatimiz mashinasi ham suvni loyqalatayotgan ana shu bir hovuch odamlarning tanobini tortib qo‘yolmayapti. Men ko‘p bora ular bilan tortishganman. Ular o‘zlarining jazodan holi va abadiy ekanliklariga shubha qilmaydilar. Ehtimol, ularda bundayin ishonch uchun birr sabab bordir?

Bu yigitlar — jiddiy muammo. Ular sayyohlar va mehmonlarni jalb etish borasida mamlakatimiz tomonidan olib borilayotgan barcha xayrli ishlarni yo‘qqa chiqarishyapti. Yangi tashrif zalini barpo etish, chegarachilar tez ishlashi, yuklar qisqa vaqtda berilishini yo‘lga qo‘yish, «Yashil yo‘lak» tashkil qilish uchun qanchadan-qancha mehnat va mablag‘ sarflandi. Bularning barchasi haqiqatan ham ishlayapti. Uchib kelish ham quvonchli, oson va jo‘n bo‘lib qoldi. Ammo kelgan odam aeroportni shahardan ajratib turuvchi to‘siqdan o‘tishi bilanoq uning boshiga bir chelak yuvindi quyiladi.

Surbet taksichilar bizni butun dunyoga sharmanda qildi. Jahonga tanilgan Lonely Planet yo‘l ko‘rsatkichi nima deb yozganiga e’tibor bering: «Taksi — aeroportdan jo‘nab ketishning eng oddiy usuli, lekin terminal tashqarisidagi taksichilar to‘dasi odatda kelgan odamlarni laqillatishga urinishadi».

G‘oyat ommalashgan Wikitravel onlayn-yo‘l ko‘rsatkichi esa bunday deb yozadi: «Siz xalqaro terminaldan chiqqan zahoti bir talay odamlar chiqish joyida turib, «taksi» xizmatlarini taklif qilishini yodingizda tutishingiz zarur. «Taksi» haydovchilari ularning nazarida xorijiy sayyohning «hamyoni ko‘taradigan» har qanday mablag‘ni sizdan «shilib olish"ga intilishadi».

Darvoqe, «taksi» so‘zini yo‘l ko‘rsatkichning o‘zi qo‘shtirnoq ichiga olgan. Chunki normal sayyohning nuqtai nazaridan qaraganda, bu taksi emas, balki firibgardir. Endi yaqinda O‘zbekistonda bo‘lgan bir nechta sayyohning Google Maps lokatsiyasida bildirgan fikrlariga misol keltirsak:

«Dahshat, o‘tib ketishning imkoni yo‘q, uchib kelayotganlardan ko‘ra taksichilar ko‘proq» (Yana Ishmetova).

«Chiqish joyida ustingizga yopirilib keluvchi taksichilar masalasi bir yoqlik qilinsa, zo‘r bo‘lardi» (Artem Red).

«Toshkentga olib kirish uchun 20 dollar narx qo‘yib olib, sayyohlarni aldayotgan surbet taksichilardan ehtiyot bo‘ling» (Bertrand Ngim).

Tartib o‘rnatamiz

Ularni nima qilish kerak? Hozirdayoq bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 12 mart kuni tashrif zali ichida maxsus peshtaxta ochdi. Bu yerda har bir odam qat’iy belgilangan narx evaziga shaharning istalgan nuqtasiga borish uchun taksi chaqirishi mumkin. Kira haqi 60 ming so‘m, bu taxminan 7 AQSH dollariga to‘g‘ri keladi. Sayyoh uchun yaxshi yechim va raqobatli narx. Bunday maxsus peshtaxtalar butun dunyo aeroportlarida bor.


Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportning tashrif zalidagi axborot peshtaxtasi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot-xizmati olgan fotosurat.

Ayni paytda ishning ikkinchi qismi bajarilmagan. Mamlakat obro‘sini to‘kayotgan taksichilar haydab yuborilishi kerak. Axir har bir sayyoh ham peshtaxtaga murojaat qilavermaydi, qolaversa, o‘z fuqarolarimizni ham esdan chiqarmasligimiz lozim. Aeroportdan chiqish hamma uchun qulay bo‘lishi kerak.

Muammo hal etilishi uchun ikki shart bajarilishi darkor:

  1. Birorta ham taksichi aeroport hududida o‘z xizmatlarini mustaqil ravishda taklif etishga haqli emas. U o‘z mashinasi yonidan ketmasligi shart.
  2. Barcha taksilar navbatda turishi, navbat esa nazorat qilinishi kerak.

Qachonki shu shartlarga rioya etilsa, shunda tartib bo‘ladi. Taksi keldimi, navbatga tursin. Navbatga turmadimi, mashina raqami «qora ro‘yxat"ga tushadi va haydovchi aeroportda ishlash huquqidan mosuvo bo‘ladi. Taksichi mashinadan tushdimi, o‘z xizmatlarini o‘zi taklif qilyaptimi — tamom, unga ham taqiq qo‘yiladi, ustiga-ustak jarima ham to‘laydi.

Hamma taksilar saf tortib navbatda turishi, navbatni ingliz tilini ham biladigan menejer nazorat qilishi zarur. Uchib kelgan odam menejerga murojaat qiladi, menejer narxni aytadi, taksi eshigini ochadi, sayyoh unga o‘tirib, jo‘nab ketadi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Mana shu — madaniyatli yo‘l tutish.

Men barcha mas’ul tuzilmalarni taksichilar muammosini hal etishga da’vat qilaman. Aeroport rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Davlat soliq qo‘mitasi, Milliy gvardiya — hech biri chetda qolmasin. Shtab tashkil qilish va masalani bir yoqadan bosh chiqarib hal etish zarur.

2018 yilda men «O‘zbekiston havo yo‘llari"ga ham, shahar hokimiyatiga ham, boshqa idoralarga ham ko‘plab xatlar yozganman. Muammo mavjudligini hamma e’tirof etadi-yu, lekin sansalorlikdan nariga o‘tilmaydi. Aeroportdagilar: «To‘siqdan tashqaridagi hudud bizga qarashli emas», — deyishadi. IIVdagilar taksichilar masalasi bilan ular shug‘ullanmasligini aytishadi. Xokimiyatdagilar esa bu soliqchilar shug‘ullanishi kerak bo‘lgan ishligini ta’kidlashadi. Shunday ekan, hamma idoralarning bu yo‘nalishdagi xatti-harakatlarini muvofiqlashtiruvchi reja ishlab chiqib, muammoni qat’iyat bilan va bir yo‘la hal etish juda zarurdir.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritilishi lozim. Toshkent shahar IIBBda «Gazeta.uz"ga tushuntirishlaricha, kodeksning hozirgi mavjud normalari o‘z xizmatlarini shilqimlik bilan taklif qilganlik uchun jazolash imkonini bermaydi. Nazariy jihatdan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ikkita modda bor, xolos.

«Transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish» deb nomlangan 141-modda taksichi yuridik shaxsning mashinasida kira qilgan hollarda qo‘llanilishi mumkin. Agar taksichida litsenziya bo‘lmasa, unda «Faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish» deb nomlangan 165-modda qo‘l keladi. Ammo aeroportda pashshaxo‘rda bo‘lib yurgan taksichilarning aksariyatida litsenziya bor. Demak, yakka tartibdagi tadbirkorlar odam tashishiga ruxsat berilishi kutilayotgan hozirgi paytda 141-modda ham ish bermaydi.

Endi qo‘shni davlatlarning tajribasiga ko‘z tashlab ko‘rsak. Hozirda butun Markaziy Osiyo bo‘yicha bu masalada faqat Qozog‘istonda jiddiy kurash olib borilmoqda. U yerda olib borilayotgan ish samara beryapti — Olma Ota aeroportidan chiqish joyi biznikiga nisbatan ancha yoqimli va osoyishtaroq. Qozog‘istonlik politsiyachilar taksichilar bilan kurashda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning «Jamoat joylarida xiralik qilish» deb nomlanuvchi 449-moddasidan foydalanishadi.

Bizda bunaqa modda yo‘q. Shu moddaga ko‘ra, «Buyumlarni xarid qilish, sotish, almashish yoki boshqa tarzda ularga ega bo‘lish maqsadida jamoat joylarida xiralik qilish, ya’ni shilqimlik bilan muloqot qilish» ogohlantirishdan boshlab, besh sutkagacha qamoqqa olish bilan jazolanishga sabab bo‘ladi.

Bu modda albatta qo‘llanilmoqda. 2017 yil noyabr oyida Olma Ota aeroportida shilqimlik qilgani uchun taksichiga uch sutkalik ma’muriy qamoq jazosi berildi. Buning uchun yo‘lovchi uning ustidan ariza yozib berishi kerak bo‘ldi. Ayni paytda Olma Ota aeroportida faoliyat yurituvchi ichki ishlar bo‘limi xodimlari yo‘lovchilar bilan ishlab, ularga xirapashshalik qilayotgan taksichilar ustidan ariza yozib berish zarurligini tushuntirmoqda.

Men aeroportdagi shilqim taksichilarning surbetligiga bundan buyon ham toqat qilish uchun birorta ham sabab ko‘rmayapman. Keling, bir hisoblab ko‘raylik. Ular 30 kishi. Aytaylik, ularning har biri kuniga bir nechta sayyohni chuv tushirib, 50−60 dollardan ishlab topishadi. Boring, ana 100 dollar bo‘la qolsin. Bu esa, nari borsa, kuniga 3000 dollarga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, mamlakatimiz yomonotliq bo‘lish natijasida ko‘rayotgan zarar qancha? Mamlakatimizga kelmagan barcha sayyohlar bizga qanchaga tushyapti? Yuz minglab dollarmi? Millionlarmi?

Hisobiga yetish o‘ta mushkul. Undan ko‘ra, muammodan yuz o‘girmasdan, uni hal qilgan osonroq.