Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Kogon tumanidagi «Taraqqiyot» mahalla fuqarolar yig‘ini markazida bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘in binosi yangi loyiha asosida barpo etilgan bo‘lib, unda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Kogon tumani kengashi faoliyat yuritmoqda. Bu yerda joriy etilgan Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va bolalarga ma’naviy-psixologik, tibbiy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Kutubxona Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazasiga ulangan. Markaz yaqinida joylashgan ikkita sun’iy qoplamali maydon hamda trenajerlar zali mahalla bolalari va o‘smirlariga xizmat qiladi.

Shuningdek, fuqarolar yig‘inida yaqinda eng namunali deb topilgan hamda «Nexia 3» rusumli avtomobil bilan taqdirlangan zamonaviy ichki ishlar tayanch punkti ham faoliyat yuritmoqda. Mahalla markazi hududida barpo etilgan kunduzgi statsionar va tantanalar zali ham aholi xizmatida.

Tashrif chog‘ida bugungi kunda Buxoro viloyatida 35 mingdan ziyod ayollar ish bilan ta’minlanmagani, xotin-qizlar jinoyatchiligi saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident bu holat milliy mentalitetga yotligi, buyuk tarix va yuksak salohiyatga ega bo‘lgan Buxoroga mutlaqo yarashmasligini ta’kidladi.

— Joriy yil oxirigacha ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ish bilan ta’minlash, jinoyatchilik sodir etmasligi uchun zarur choralarni ko‘rib, Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, mahalla va ichki ishlar organlari birgalikda ishlashi, har bir ayol bilan suhbatlashib, muammolari bo‘lsa, kerakli yordam berishi zarurligini ta’kidladi.

Ko‘plab muammolarga, ayolning jinoyatga qo‘l urishiga ajrimlar sabab bo‘layotgani, uning oldini olish uchun yoshlarning, ota-onalarning mas’uliyatini oshirish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish kerakligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev mahalla markazi xodimlari, shu yerdagi intellektual klub a’zolari bo‘lgan yoshlar bilan muloqot qildi.